Yana bir quvonarli jihati shundaki, bu ijodkorlar yakdil va hamkorlikda ijod qilyapti. Xususan, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi qo‘llovi bilan har yil chop etiladigan “Birinchi kitobim” loyihasi endi adabiyotga kirib kelayotgan yoshlarni bir-biriga tanishtirayotgan, ijodiy hamkorliklariga hissa qo‘shayotgan bo‘lsa, Akademnashr boshlagan va davomli bo‘lishi kutilayotgan “Izlam” to‘plami so‘z saltanatida o‘z o‘rniga ega yosh qalamkashlarni xalqqa yanada yaxshiroq tanishtirish, zamondosh ijodkorlarimizning o‘y-xayollari, maqsad va g’oyalarini ulashish vazifasini bajarmoqda. Umuman olganda to‘plam holida chiqayotgan kitoblar ko‘lam va g’oyalar qamrovi jihatdan xalqimizga ulkan badiiy xazina, tarix uchun zamon muhri o‘laroq ulkan ahamiyatga ega.Eng so‘nggi nashr etilgan to‘plamlardan biri «AKS» haqida ham ayni fikrni ayta olamiz. Ushbu to‘plam bir maqsadni ko‘zlagan turfa janrda bir-biriga o‘xshamas uslubda yozilgan asarlar bilan qolgan to‘plamlardan farq qiladi. Ushbu to‘plam mualliflari o‘z asarlari orqali ayni yashayotgan zamonimiz, makonimiz, yuzlashayotgan muammolarimiz haqida yaxshigina dilso‘zlarini aytmoqni, o‘z zamondoshlariga, o‘zlari yashayotgan jamiyatga qo‘rqib yo qo‘rqmay, ixtiyoriy yoki ijodkorlik burchi o‘laroq bir ko‘zgu tutmoqni maqsad qilganlar. Bu maqsad hosilasi asarlar ko‘proq kitobxonlar qo‘liga borganda, o‘qilganda, muhokama qilinganda namoyon bo‘ladi. Umid qilardikki, «AKS» o‘z vazifasini to‘laqonli bajaradi, jamiyatda kichik bo‘lsa-da to‘lqin yaratishga kuchi yetadigan, kelajak ijodkorlariga ham bir namuna o‘laroq xizmat qiladigan badiiy xazina bo‘ladi. Men «AKS» haqida ochiqroq va jaydariroq gapirsam bu to‘plamga yana turfa nomlar bergim keladi. Goh MUSHT, goh NIDO, goh ISYON so‘zlari miyamda aylanadi. Boisi to‘plamdagi ijod namunalari jamiyat haqida shu qadar ochiq va toshib so‘z ochadiki, bu asarlarni zamondosh kitobxon bir musht zarb o‘laroq qabul qilsa ham ajab emas. Bu to‘plam ko‘plab sukutdagi hayqiriqlardan iborat. Mutolaa davomida tishini tishiga qo‘yib chidayotgan, adolatsizlik va zulmga qarshi kurashmoqqa ojiz holida ham qasd qilgan qahramonlar ko‘ringandek bo‘ladi. Garchi oxiri voy bo‘lsa ham sharafli deya isyon qilgan qalblar ko‘zni namlatganini beixtiyor his qiladi kitobxon. Muxtasar qilib aytganda derdim-u, bu to‘plam haqida muxtasar yozish imkonsiz, tahlilga, muhokamaga hech bo‘lmasa tanqidga sazovor asar. Shu bois «AKS» haqida qolgan fikrlarimni to‘plam doirasida chiqqan bir asar tahlili bilan davom ettirsam o‘rinli bo‘ladi deb o‘ylayman. To‘plamdan ikki sheʼriy jamlanma, ikki hikoyalar to‘plam va ikki roman joy olgan. Shu asarlar ichidan, keling, Rahshona Ahmedova qalamiga mansub “Tongotar” romanini tahlilga tortsak.Asar haqida ijtimoiy tarmoqlarda bir qancha taqriz, xulosa va fikrlarga duch keldik. Xususan, professor yozuvchimiz Ulug’bek Hamdam asar haqida iliq fikrlarini bildirar ekan, asar janrini so‘roq ostiga olgan. Haqiqatan asar janri qissaga tortish ehtimoli yuqori. Chunki bosh qahramon atrofida voqealar markazlashuvi romanlardagidek ko‘rinmaydi. Lekin ko‘tarilgan mavzular ko‘lami kengligini ham unutmasligimiz lozim. «Tongotar» yaqin yillarimiz haqida eng dardli hikoyalardan so‘zlaydi. «Tongotar»- eng og’riqli nuqtamiz O‘zbekistondagi ijtimoiy vaziyat va ayollarning o‘rni, ularga munosabat haqida kuyinib, balki yig’lab yozilgan asar. Asarni o‘qir ekanman muallifni yangi journalism va sotsialist realizm vakili deya beixtiyor ta’riflagim keldi. Zero «Tongotar» ham Apton Sinklerning “O‘rmon” asaridagi singari jamiyatdagi muammolarni ochiq tanqid qiladi. Rahshona Ahmedova ba’zi o‘rinlarda sotsialist yozuvchi sifatida  jamiyatimizning eng og’riq joylarini kovlaydi, ko‘p vaziyatlarga achchiq istehzo bilan tashxis qo‘yadi. Xossatan, eng ko‘p muhokama qozonida qaynaydigan o‘qituvchi qadri haqida so‘z borar ekan, asar 27-betida shunday so‘zlarni o‘qiysiz: “Oxirgi yillar o‘qituvchilik qilib bo‘lmay qoldi. Kitob ortilgan xachir kabi borasan-kelasan. Sen emas, senga vazifa ortishadi. “Bu fikrlar 30-betda ham davom etadiki, muallif ayni mavzuni dolzarbligini takidlagan: “Chirog‘ingni o‘chirib, zulmatda qoldirdi. Gaz bermay ota-enangni qiynab o‘ldirdi. O‘qituvchi deganning obro‘yini yer qildi, ilmi borning burnini yerga ishqaladi, yuragini qon qildi. Yana qilmagani nima qoldi?” dedim. O‘qrayadi, xolos. Yo yolg‘onmi, o‘zing ayt?  Ta’lim mavzusi oradan ellik bet o‘tsa ham yozuvchi xayolidan ketmagan shekili, asarning vijdonli qahramoni Hasanali tilidan takror yarani yangilaydi: “To‘g‘ri-da, qo‘shning bolasini boshqacha o‘qitar ekan, demak, u shunaqa tarbiya bergan, shunga tayyorlagan, sen-chi, tarbiyang boshqa, lekin ta’limni qo‘shning uslubida bermoqchisan. Ahmoqgarchilik bu. Yo avvali boshidan ularnikini tatbiq qil, yo o‘zingnikini mukammallashtir. Xullas, menga ularning chala yarim islohoti yoqmadi. O‘qituvchini yugurdak deb bilganlari orimni keltirdi. Muallimning obro‘yini to‘kkanlari uchun yuzlariga tupurdim-u ketdim”.Muallif takror va takror bazan ichki bazan tashqi matnlar bilan ta’lim mavzusini ta’kidlar ekan, kitobning bosh mavzusi –ayollar huquqi, jamiyatdagi ayol o‘rni ayni ilmsizlikka taqalishini ta’kidlaydi. Zero asardagi barcha qora qismat taqdirlari Farog’at ham onasi Fotima ham ilmsizlik bois shum taqdir azoblariga duchor bo‘ladi. Muallif ayollarni hurmat qilishni targ’ib qilgan asarida, ayol kishiga bergan ta’riflari esa kitobning juda  ziddiyatli mazmunini ro‘yi-rost ko‘rsatib beradi. Voqealar rivoji davomida muallif o‘z qahramonlarini qora taqdirini jasorat va shafqatsizlik bilan hikoya qilgandek tuyuladi. Kitobxon kitobni o‘qir ekan muallifning o‘zi ham ayol bo‘lar turib ma’rifatsizlik botqog’ida qolgan ayollar bilan murosa qila olmayotganini payqashi mumkin desak yolg’on bo‘lmaydi. So‘zim isboti o‘laroq kitobda ayol obrazi tariflangan parchalarni keltirib o‘tsam:Axir, bog‘cha bola ham bundan yaxshiroq biladi. 69-bet***Tug‘mas degan nom ayolni tutday to‘kib yuboradi. 69-bet***Onayizor qiziga suyangancha, tebranib-tebranib qo‘yar, xonumoni kuygan odamdek o‘zini qo‘ygani joy topolmasdi. 91-bet***Fotima ertapishar o‘rikdek ilvirab qoldi. 72-bet***Oxirgi paytlar uyi buzilgan qush kabi ko‘ngli besaranjom, nima qilmasin, o‘xshamayotganday... Amal-taqal qilib kunni kech qiladi. Keyin esa yana tong otadi. 105-bet***Fotima endi oyog‘i kuygan tovuqday bir yerda turolmay qoldi. 81-bet***Qismat uni keraksiz bir matohdek qirg‘oqqa itqitib tashladi. 106-bet Ko‘rishimiz mumkinki, asardagi ayollarning bunday ta’riflari jamiyatdagi ayollarga munosabatni ko‘rsatadi. Ayol hayoti davomida ayoldek yashamagan, ayol bog’cha boladek past fikrlaydi, ayol odamlar fikri sabab tutdek to‘kilishga mahkum, ayol xonumoni kuygan odam obrazida yashashga majbur, ayol o‘rikdek ilviraydi, ayol qushdek besaranjom yashaydi, ayolning kunlari oyog’i kuygan tovuqday o‘tadi, ayol o‘zi bir matohdek asli bu jamiyatda. Kitobda bunga o‘xshash tasvirlarni ko‘plab uchratish mumkin. Muallif haqiqatan ham bu tasvirlar orqali jamiyatga ko‘zgu tutadi. Har bir kitobxon Tongotarni o‘qir ekan ayni tasvirlar o‘z oilasidagi yoki mahallasidagi qaysidir ayol obrazida tipik gavdalanishi tabiiy. Inchunin, asar ayni zamonimizning in’ikosidir. Muallif jamiyatga ko‘zgu tutib bu xunuk manzaralarni ko‘rsatishga urinar ekan, momo tilidan o‘z yechimlarini ham taklif qiladi:Ayol mehri – dunyodagi eng buyuk kuch, bilsang agar. Erkakda yo‘q bu kuch. Boradigan joyingga mehr qo‘y, turmush o‘rtog‘ingni sev, bolalaringni muhabbat bilan ulg‘aytir. Yana, esimdan chiqmasidan aytib qo‘yay, bolalaringni oriyatli qilib o‘stir, o‘g‘ilmi, qizmi, eng avvali, oriyati bo‘lsin, hayosi bo‘lsin. Bu hayotda eng kerakli narsa – oriyat bilan hayo. Oriyati bo‘lsa egilmaydi, odamlarning oyog‘i ostida piypalanmaydi, qaddini tik tutadi. Hayosi bo‘lsa, har ishni qilmaydi, o‘ziga ep ko‘rmaydi, sharmandalikdan yiroq bo‘ladi..Va albatta, o‘qit. O‘qimishli bo‘lsa, o‘zini eplaydi, o‘zgalarga foydasi tegadi. Unutmaki, har ne bo‘lganda ham ertaga ularni qo‘llab-quvvatlaydigan sen bo‘lasan. Ertangi nihollarni parvarishlaydigan sensan, qizim.Millatning tarbiyachisi xotin-qizlardir. Meni emas, bobongning so‘zlari bu.  (55-bet).«Tongotar» asarida sanamasdan ham eng ko‘p takrorlangan so‘z AYOL ekanligini sezish mumkin. Shuning o‘ziyoq asar missiyasini ko‘rsatib beradi. Asar jamiyat va ayollarga ayol o‘zi kimligini, hozirgi holati qandayligini va agar jamiyat ko‘zgudagi aksidan ibrat olmasa nimalar kutib turganini uqtiradi. Bu maqsad Rahshona Ahmedovaning juda ham xalqchil va ta’sirli yozish uslubi orqali shubhasiz ro‘yobga chiqqan. So‘ngso‘z o‘rnida «AKS» to‘plamidagi barcha ijodkorlarga kitobxonlar nomidan bu jasorat va haqiqatlar to‘plami uchun minnatdorchilik bildiraman, kelgusi ijodlarida ulkan zafarlar tilayman.Abbosjon Hakimov