Muxbir: Dunyoda sun’iy intellekt masalasi poygaga aylanib borayotgandek. Ya’ni Xitoy hukumati 2025-yilning 1-sentabridan boshlab maktablarda sun’iy intellekt majburiy fan sifatida, Tramp qarori bilan SI Amerikada bogʻchalardan boshlab oʻrgatila boshladi. Bu dunyo malakatlari yoshlari mahoratida, intellektida qanday tafovutlarni keltirib chiqaradi?  Ekspert: Haqiqatan ham, Xitoy, AQSh va bugun BAA ham bu poygaga qo‘shildi, bu uch davlatning sun’iy intellekt ta’lim strategiyalaridagi farqlar kelajak avlodlar o‘rtasida mahorat tafovutini keltirib chiqarishi muqarrar. Lekin masalaning boshqa taraflari ham bor, bu haqda oxirida ilova qilaman.  Keling, oldin bu ta’limda bu uch SI strategiyasi bilan qisqacha tanishib chiqaylik:  Xitoy modeli: Xitoyda davlat 6 yoshdan boshlab majburiy SI ta’limini joriy etmoqda. Mamlakat ta’lim dasturiga ko‘ra, boshlang‘ich sinflarda o‘yinlar, robotlar va Scratch kabi vizual dasturlash orqali AIning asosiy tushunchalari o‘rgatiladi (yiliga 8 soatdan ortiq). O‘rta maktabda o‘quvchilar mashinalardan foydalanishni o‘rganish, Python dasturlash va SI etikasi bilan tanishadilar. Hozirda ushbu tizim Pekin va Shanxay maktablarida pilot loyihalar orqali sinovdan oʻtkazilmoqda.  Afzalligi nimada?     Standartlashtirilgan tizim – mamlakat boʻylab barcha o‘quvchilar minimal AI bilimiga ega bo‘ladi.     Real dunyoga moslab o‘qitish – AI sanoat talablariga tayyorlash.     Davlat qo‘llab-quvvatlashi: infratuzilma, dasturlar va o‘qituvchilarni tayyorlash.    Kamchiliklari nimada?   Qat’iy standart asosidagi reja: bolalarning individual qobiliyatlarini, ijodkorligini cheklashi mumkin.     Nazorat bosimi: kreativlik va tanqidiy fikrlash rivojining sustlashuvi kuzatilishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.  Natijada yaqin kelajakda Xitoyda yaxshi texnik bilimga ega, lekin tezkor ijodiy fikrlashga qodir bo‘lmagan avlod shakllanishi ehtimoli bor.  2. AQSh modeli: Bir-biridan mustaqil hududiy strategik yondashuvga asoslangan AI-Education strategiyasi.  AQShda sunʼiy intellekt taʼlimga joriy etilishi markazlashmagan, mahalliy tashabbuslarga asoslangan model sifatida ajralib turadi. Ta’limning boshlangʻich bosqichda robotika va blokli dasturlash orqali SIga kirish imkoniyati yaratiladi. Natijada bolalarda algoritmik tafakkur va texnologik savodxonlikni erta yoshda shakllantirishga erishiladi. STEM fanlari bilan integratsiya orqali SI oʻquvchilarga tabiiy fanlar kontekstida o‘rgatiladi, bu esa ko‘nikmalarning real hayotga tatbiq etilishini kuchaytiradi. Google, Microsoft, Amazon kabi global texnodev kompaniyalar bilan hamkorlik mahalliy maktablarga zamonaviy resurslar va o‘quv modullarini taqdim etishi bu boradagi muvaffaqiyatni hozirdan ta’minlamoqda.  Biroq bu yondashuv “Vision 2030”dagi ta’limda tenglik strategiyasiga zid ishlaydi: ta’limda tengsizlikni keltirib chiqaradi, resurslar bo‘yicha tafovutlarning kuchayishi ehtimoli katta.  Afzalliklari shularda ko‘rinadi:     Kreativlik va tadqiqot – Bolalar loyihalar (project-based learning) orqali o‘rganadi;     Dunyoning yetakchi SI kompaniyalari bilan hamkorlik (OpenAI, NVIDIA va b.); Moslashuvchanlik: har bir maktab o‘ziga xos usullarni qo‘llashi mumkin;    Kamchiliklari esa aytib o‘tilganidek,    Tengsizlik –  iqtisodiy jihatdan kuchli maktablar yaxshi resurslarga ega, chekka hududlardagi maktablar ortda qoladi;     Tizimsizlik – SI ta’limi tizimli emas, ba’zi bolalar asosiy bilimlarni o‘zlashtirmasdan chetda qolishi mumkin.(Garchi mamlakatda “Hech kim ortda qolmaydi” shiori bo‘sa ham)  BAA modeli:  Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) 2025-yil 4-may kuni bolalar bog‘chasidan to o‘rta maktabning so‘nggi sinfigacha bo‘lgan barcha davlat maktablarida sun’iy intellekt (SI) ta’limini majburiyligini e’lon qilish bilan SI savodxonligini oshirishga qaratilgan keng qamrovli va tizimli ta’lim islohotini boshladi.  Yoshga mos pedagogik modellar, axloqiy tamoyillarga asoslangan o‘quv maqsadlari va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlovchi amaliy qo‘llanmalar bilan ta’minlanadigan ushbu qaror, SI ni shunchaki o‘qitiladigan fan emas, balki butun ta’lim tizimini qayta qurishning asosiy paradigmasi sifatida belgilandi.  Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlarda “Kompyuter, kreativ dizayn va innovatsiyalar” fanining majburiy qilinishi BAAning SI ta’lim modelida fanlararo yondashuvning yaxlitlanganini ko‘rsatadi. Ushbu strategiya erta yoshdan boshlab SI savodxonligini oshirishni maqsad qilgan boshqa davlatlar uchun namuna bo‘la oladigan pedagogik yaroqli model sifatida ko’rinyapti. Biroq ko’p qirrali afzalliklariga qaramasdan aytish mumkinki, tizimning yangiligi va tajriba yetishmasligi uzoq muddatli samaradorlik va’dasini so‘roq ostida oladi. Shuningdek, madaniy moslashuv faktorlari ham muvaffaqiyatga erishishni sekinlashtirishi mumkin.    Mana Sizga 3 model: Ko‘z o‘ngingizda bir tablo jonlandi, shundaymi?  Endi boshida sizga masalaning boshqa tomonlari ham bor degandim. Ta’limning asosiy funksiyasi- bolalarni kelajakdagi ish bozori uchun tayyorlash emas, balki ularni INSON bo’lishi uchun xizmat qilishdir. Men Xalqaro Ta’lim mutaxassisi sifatida SI integrativ usulda (barcha fanlarga singdirib) oʻqitish samaraliroq deb o’ylayapman. AI inson qobiliyatlarini yo’qqa chiqarish uchun emas, ularni kuchaytirish uchun ishlatilishi kerak; buning uchun biz-ustozlar bolalarda jamoa bilan ishlash, hissiy intellekt, insonlararo va tez orada texno-yaratiqlararo muloqot ko’nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga bel bog‘lashimiz kerak. Va yana bir muhim jihat shuki, har qanday “super” SI dastur  mahoratli oʻqituvchisiz bir o’zi kutilgan  natijani bermaydi. Inson faktori muhim! Har bir davlat o’z oʻqituvchilarining  malakasini oshirishiga sarmoya kiritishi kerak.  Agarda dunyo mamlakatlari SIga asoslangan ta’lim modellarini siyosiy-iqtisodiy raqobat quroli sifatida koʻrsa, bunday yondashuv ta’limda o‘nglab bo‘lmaydigan xatolarni yuzaga keltirishi ham mumkin. Agar biz bolalarni faqat ish bozori uchun tayyorlasak, ular hayotning muhim jihatlarini - estetik-etik diddan mosuvo shaxslarni yetishtirayotgan bo‘lamiz. Haqiqiy intellekt – bu nafaqat sunʼiy intellektni boshqarish, balki undan ezgulik maqsadida foydalana olish qobiliyatidir.  Muxbir: Xalqaro ta’lim eksperti sifatida SI tez sur’atda rivojlanayotgan zamonda ota-onalar, o’quvchilar, o’qituvchilarda qanday xususiyatlar shakllanishi kerak deb o‘ylaysiz?  Ekspert: Bitta jumla bilan ongli ota-onalik, ongli ustozlik, ongli o'quvchi bo‘lish deb aytaman. Nima qilmoqchimiz, nega aynan shu ishni, bu ishning natijasi bizni va biz bilan birga bo'lgan insonlarni qayyoqqa olib boradi kabi savollar diqqat markazimizda bo‘lishi shart. Muhimni nomuhimdan ajratish, xullas, ongli, sog’lom jamiyat bo‘lishimiz kerak deb o‘ylayman.  Asosiy tamoyil – ongli ota-onalik, ongli ustozlik va ongli o‘quvchilik: har bir qadamni maqsadli, oqibatlarini hisobga olgan holda qo‘yish, muhimni nomuhimdan ajrata bilish. Natijada, sunʼiy intellekt insoniyat manfaatlariga xizmat qiladigan bir vosita sifatida taraqqiyparvar va psixologik jihatdan sog‘lom jamiyat shakllanishiga xizmat qiladi.Ongsiz, o‘ylamasdan, tahlil qilmasdan faoliyat yuritish – yo‘qolishning birinchi qadami. Har birimiz hozir shu yerda tanlov qilishimiz kerak: biz SIga xizmat qilamizmi yoki uni o‘zimizga xizmat qilishga o‘rgatamizmi?  Muxbir: 20 yil ichida xalqaro ta’limda qanday tub o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, deb o‘ylaysiz? Ekspert: Keling, bu savol alohida suhbat mavzusi bo‘lsin. Chunki bu 20 yil davomidagi ta’limdagi simulyatsiyalarning ritmiga bog‘liq va bu ishning ichiga iqtisod, siyosat kabi ochiq faktorlar ham qorishmoqda. Xullas,bu uzun va batafsil to‘xtalgandagina ochiqlanadigan mavzu.  Shuni qisqacha aytishim mumkinki bu borada men Pasi Sahlberg qarashlariga yaqinroq tamoyillarni ma’qullayman. Keyingi suhbatda “Micro-credential”portfeyllari (Blockchainda saqlanadigan sertifikatlar zanjiri), “Ko‘chma maktablar” (Refugee Education Hubs), Neyronli interfeyslar haqida aytib beraman.Muxbir: Mutaxassis sifatida butun dunyo ta’lim tizimlaridan qaysi biri sizga eng katta ilhom bergan va nega?  Ekspert: Men magistraturada Xalqaro qiyosiy ta’lim yo‘nalishida o‘qiganman.  Bu davr mobaynida deyarli barcha ko‘zga ko‘ringan davlatlar ta’lim strategiyalarini bir necha fan nuqtayi nazaridan maydalab qarab, o‘rganib chiqishga harakat qildim. Shulardan kelib chiqqan holda savolingizga beradigan javobim quyidagicha: men 2 yildan beri xorij davlatlaridagi ta’lim strategiyalari bilan birgalikda İbn Sino, Forobiy, Ibn Arabiy, Al Kindiy, Roziylar bilan hamnafas bo’ldim va “xazinani ustida o’tirgan tilanchi” kabi ekanligimni angladim. Butun dunyoda ko‘rganim, bilganim, o‘rganganimning o‘zagi o‘z ildizlarimda ekanligi meni nihoyatda hayajonlantirdi. Hozir gapirar ekanman, ayni tuyg‘u ichidaman. Men bugun ta’limda “Dunyo markasi”yarataman degan g’oyam ko‘pchilikka fantastika kabi tuyulishi mumkin, ammo men mana shu moziydan olgan ilhomim bilan buni uddalay olamiz deb o‘ylayman.Muxbir: O’zbek ta’lim tizimida eng islohtalab jihatlar sifatida qaysilarni keltirasiz?  Ekspert: Bu alohida mavzu, isloh qilish emas, yangidan barpo qilish kerak! Yaroqlilik muddati tugagan narsani isloh qilib bo‘lmaydi.  Muxbir: Ta’lim tizimida katta yutuqlarga erishgan mamlakatlardan qaysi birining tajribasini O‘zbekistonda qo‘llasa bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?  Ekspert: Bizning o‘z ta’lim falsafamiz ustiga o‘z yoʻlimizni qurilishi kerak. Bu massiv kuch, harakat, strategiya talab qiladi. Biz tarix qa’riga koʻmilgan yoʻlimizni topganimizda, boshqalarga o‘xshashga harakat qilmay, o‘zimizga o‘xshaganimizda hammasi boshqacha bo‘ladi.  Ba’zi savollaringizga batafsil javob bermadim, ularni tushuntirish uchun gapni uzoqdan Odam Atodan boshlashim kerak bo‘ladi.  Muxbir: Dilara opa, intervyu uchun vaqtingizni ayamaganingiz va maroqli suhabatingiz uchun tashakkur. Kelgusi reja va ishlaringizga omad tilaymiz!                         Mehrinoza Farmonova suhbatlashdi