Quyida bugungi kunda oʻzbek tili darslari oʻqitilayotgan davlatlar bilan tanishing:Buyuk Britaniyaning mashhur Oksford universitetida 2023-yil dekabr oyidan boshlab oʻzbek tili kurslari yoʻlga qoʻyilgan. Darslar "Xorijliklar uchun oʻzbek tili" darsliklari asosida olib borilmoqda.Xitoyning Shanxay chet tillar universitetining “Markaziy Osiyo tillari” bo’limida talabalarga oʻzbek tili toʻrt yillik bakalavriat dasturi doirasida oʻrgatilmoqda. Dastur doirasida talabalar oʻzbek adabiyoti, tarixi va madaniyati bilan ham tanishadilar. Turkiyaning Bursa Uludagʻ universitetida esa Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va madaniyati markazi faoliyat yuritmoqda. Bu yerda turkiyalik talabalar onlayn darslar orqali oʻzbek tilini oʻrganmoqdalar.Qoʻshni mamlakatlardan Qirg’izistonning Oʻsh davlat universitetida 2023-yil oktyabr oyida oʻzbek tili va madaniyati markazi ochildi. Markazda oʻzbek tilini oʻrgatish bilan birga, madaniy tadbirlar ham tashkil etiladi. Qozogʻiston va Tojikiston Respublikalarida esa oʻzbek tilini oʻrgatish boʻyicha kurslar va markazlar mavjud. Bu, asosan, etnik oʻzbeklar yashaydigan hududlarda amalga oshiriladi.Bundan tashqari AQShdagi bir nechta universitetlarda oʻzbek tili kurslari mavjud. Bu kurslar asosan turkologiya, xalqaro aloqalar va tilshunoslik fakultetlari doirasida olib boriladi.Rossiya Federatsiyasining turli universitetlarida esa oʻzbek tili fakultativ fan sifatida oʻqitiladi. Bu, asosan, Markaziy Osiyo bilan aloqadorlik doirasida amalga oshiriladi.Shuningdek, Ozarbayjon, Eron, Turkmaniston, Afgʻoniston, Iroq kabi mamlakatlarda ham oʻzbek tili kurslari tashkil etilgan. Bu kurslar asosan Oʻzbekistonning madaniy markazlari va elchixonalari tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.Oʻzbek tilining xorijiy mamlakatlarda oʻqitilishi koʻproq Oʻzbekiston bilan siyosiy, iqtisodiy va diplomatik munosabatlarga ega davlatlarda rivojlangan. Masalan, AQShda 8 ta universitetda, Germaniyada 4 ta universitetda, Yaponiyada 8 ta universitetda, Turkiyada esa 18 ta universitetda oʻzbek tili oʻqitiladi.