“Kosmos-482” 1972-yilda Venerani o‘rganish bo‘yicha Sovet “Venera-8” dasturi doirasida uchirilgan edi. Biroq raketadagi nosozlik tufayli zond Veneraga yetib borish uchun yetarli tezlikka erisha olmadi. Buning o‘rniga, u Yer atrofida elliptik orbitaga o‘tib qoldi.Apparat muvaffaqiyatsiz uchirilgandan ko‘p o‘tmay bir necha qismga bo‘linib ketdi. Qurilmaning asosiy qismi 1981-yil 5-mayda Yer atmosferasiga kirdi, tushirish apparati esa orbitada deyarli 53 yildan beri qolmoqda."Kosmos 482" Veneraga qo‘ndirilishi mo‘ljallangani sababli, uning tuzilishi juda mustahkam bo‘lib, Yer atmosferasida deyarli yonib ketmasligi aniq. Ammo qurilmaning og‘irligi 495 kg bo‘lgani uchun u potensial xavfli obyekt hisoblanadi.Biroq stansiyaning aniq qayerga tushishi hozircha noma’lum: ehtimoliy qo‘nish hududi 52° shimoliy va 52° janubiy kengliklar orasidagi butun hududni qamraydi. Bu AQSH, Yevropa, Osiyo, Janubiy Amerika, Afrika va Avstraliyaning katta qismini o‘z ichiga oladi.Bu zonaga dunyodagi megapolislarning 90 foizi, jumladan aholisi 5 million nafardan ortiq bo‘lgan deyarli barcha shaharlar kiradi. Bo‘laklarning okeanga yoki aholi kam yashaydigan hududlarga tushish ehtimoli yuqoriligicha qolmoqda, biroq nazariy jihatdan Nyu-York, Shanxay, Qohira, Sidney va boshqa yirik markazlar uchun xavf (garchi juda oz bo‘lsa-da) mavjud.Tashvishli bashoratlarga qaramay, zondning zarar yetkazish ehtimoli nihoyatda past. Yer yuzasining 71 foizi suv bilan qoplangani sababli, qurilma katta ehtimol bilan okeanga qulab tushadi. Yerga urilish tezligi esa soatiga 500 km gacha yetishi kutilmoqda.“O’zbekkosmos” agentligi “Kosmos-482”ning aniq qayerga qulashini aniqlash biroz mushkul ekanini ma’lum qildi. Uning O‘zbekiston hududiga tushish ehtimoli esa 0,3-0,5 foiz oralig‘ida baholanmoqda.Kosmik kemaning qoldiqlari topilgan taqdirda, bu haqda zudlik bilan rasmiylarga xabar berish va hech qanday holatda apparat qoldiqlari bilan aloqada bo‘lmaslik tavsiya etildi. Ular tarkibida xavfli kimyoviy moddalar bo‘lishi mumkin.Sobiq Toshkent mashinasozlik konstruktorlik byurosi ham mazkur "Venera" dasturining so‘nggi bosqichlarida ishtirok etgan. U “Venera-13 va 14” (1982) va “Vega-1 va 2” (1985) apparatlari uchun grunt olish va burg‘ulash qurilmalarini loyihalashtirgan va ishlab chiqqan. Ularni sinovdan o‘tkazish esa Toshkent viloyatining Nevich qishlog‘ida joylashgan sinov markazida amalga oshirilgan.