Eftalitlar davlati gullab-yashnagan payt uning chegaralari sharqdan g‘arbga: Xo‘tandan (Sharqiy Turkiston) Eron chegaralari qadar va shimoldan janubga: hozirgi Qozog‘iston dashtidan shimoli-g‘arbiy Hindiston qadar, ya’ni O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Pokistonning katta qismi, Hindiston bilan Xitoyning bir qismigacha (Sharqiy Turkistonning bir qator vohalari) cho‘zilib ketgan. Biroq o‘sha davrdagi boshqa turkiy imperiyalar singari Eftalitlar davlati uzoq yashab qolmagan – keskin raqobatda o‘rnini boshqa qabilalarga bo‘shatib bergan. Eftalitlar Afg‘onistondagi ulkan Bomiyon Budda haykallarini meros qoldirgan. Zamonaviy pushtunlar, ehtimolki, tojiklar va turkmanlar eftalitlarning avlodlari bo‘lishi mumkin.Turkman tarixchi va arxeologi Oydo'g'di Qurbonovning aytishicha, eftallarni faqat pushtun, turkman, tojiklar orasidan, balki Hindistonning shimoli-g’arbida yashaydigan xalq rajputlar orasidan ham topish mumkin. “Ular katta ehtimol bilan eftalitlarning bevosita avlodlari bo‘lishi mumkin, ammo eftalitlarning o‘zini “ebodala” deb ataganini turkmanlar orasida yashaydigan adbal qabilasi bilan bog‘lasak, eftalitlar  avlodlarini turkmanlar orasidan ham topish mumkin bo‘ladi” deydi u. Eftalitlar kelib chiqishiga oid taxminlar ko‘p, ular kelib chiqishiga ko‘ra sharqiy eronlik, proto-mongol, xunn va yoki turkiy ham deb ataladi.  Hozirga qadar olimlarga eftalitlarning kelib chiqishi ma’lum emas. O‘sha davrda xunnlarning Osiyodan Yevropa qit’asi hududiga qarab yurishi bilan boshlangan xalqlarning buyuk ko‘chishi deb atalgan hodisa yuz bergani va ular Yevropaga yetib borgandan so‘ng Attilani hukmdor deb e’lon qilgani hamma narsani chalkashtirib yuborgan edi.  Ammo IV – V asrlarda boshlangan ko‘chish davrida Markaziy Osiyo hududida yangi xalqlar yoki eftalitlar, shuningdek, bizga ma’lum manbalarga ko‘ra, kidariylar, alkonlar va xionitlar ham qabilalar paydo bo‘ladi. Shu o‘rinda jiddiy savol tug‘iladi: bu xalqlar kim bo‘lgan yoki ular yaqin qarindoshlar hisoblanadimi yoki kelib chiqishiga ko‘ra turlicha bo‘lganmi? So‘nggi ma’lumotlardan kelib chiqqan holda aytishimiz mumkinki, ular ko‘proq yaqin qarindosh qabilalar bo‘lgan, eftalitlar Markaziy Osiyo hududiga kelgan qabilalar konfederatsiyasiga kirgan bo‘lishi ham mumkin, ular qandaydir ichki to‘qnashuvlar va ehtimolki, bu jangda qisqa vaqt g‘alaba qozonib, o‘z davlatini tuzish imkoniga ega bo‘lgan. Eftalitlar davlati V asrda barpo etilgan va VI asrning uchinchi choragida tor-mor etilgan.  Eftalitlar nomi qayerdan kelib chiqqan degan savolga esa javob quyidagicha: biz ilmiy adabiyotda ishlatadigan “eftalitlar” nomi yunon tilidan olingan, chunki ular Bobil (Vizantiya) manbalarida yo “oq xunnlar” yoki “eftalitlar” deb atalgan. Ular o‘zini “ebodalo” deb atagani ehtimoli ko‘proq, biz bu nomni Afg‘oniston shimolidan topilgan hamda ingliz olimi Nikolas Sims-Uilyam tarjima va tahlil qilgan Rob hukmdorlari arxividan olingan Baqtriya bitiklarida uchratamiz. Taxminlarga ko‘ra, ular o‘zini “ebodalo” deb atagan va “eftalitlar” o‘sha so‘zning buzilgan shakli bo‘lishi kerak.Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, eftalitlar yashagan joy hozirgi O‘zbekiston janubi va shimoliy Afg‘onistondagi Hindikush tog‘ining shimoliy etaklaridagi Tohariston bo‘lgan.  Taxminlarga ko’ra, ularning poytaxti Qunduz shahrida joylashgan bo’lgan.Chunki Xitoy manbalarida yozilishicha, Badian shahri eftalitlar poytaxti deb atalgan. Bu nom nimani anglatishini hozirgacha hech kim bilmaydi.  Taxminlarga ko’ra, o‘sha shahar hozirgi Afg‘onistonga qarashli Qunduz shahri bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Yana bir taxminga ko‘ra, o‘sha shahar O‘zbekistonning Buxoro shahridan uncha uzoq bo‘lmagan Poykent ham bo‘lishi mumkin. Boshqa bir taxminga ko‘ra, Afg‘oniston hududidagi Balx shahri ham eftalitlar poytaxti bo‘lgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas, chunki aynan qaysi shahar Eftalitlar davlati poytaxti bo‘lgani haqida qo‘limizda aniq dalillar yo‘q. Taassufki, Xitoy manbalarida tilga olingan Badian aynan qayerda joylashgani haligacha aniq emas va biz faqat taxmin qilishimiz mumkin, xolos.Shu o‘rinda yana eftalitlarning tayanchi Tohariston bilan bir qatorda Sug‘diyona bo‘lganini e’tiborga olish kerak bo‘ladi. Sug‘diyona – tarixiy viloyat. Bilamizki, Xitoy manbalariga tayanilsa, eftalitlar shimoldan kirib kelgan, ya’ni ular dastlab Sug‘diyona hududidan kelgan, so‘ngra Tohariston hududiga o‘tib ketgan. Tarixan Tohariston Hindikush tog‘i etagida tugaydi, ya’ni hozirgi Afg‘oniston hududidagi Hindikush Toharistonning janubiy chegarasi hisoblanadi. Mana shu o‘rinda mintaqamizga IV asrda ko‘chib kelgan boshqa bir xalq – alhonlarni hamda Hindikush tog‘i Eftalitlar davlati hududi bilan alhonlar davlati hududi o‘rtasidagi tabiiy chegara bo‘lganini esga olish zarur bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, oldin olimlar eftalitlar va alhonlar davlatlari hududlari birlashgan deb hisoblab kelgan. Ammo so‘nggi ma’lumotlarda keltirilishicha, alhonlar eftalitlar bilan qardosh bo‘lgan bo‘lsa-da, ularning Hindikush tog‘ining janub tomonida o‘z davlati bo‘lgan. Hindikush tog‘i shimolidagi hudud ular davlati tarkibiga kirgan. Shunday ma’lumotlar bor. Ammo biz eftalitlar haqida so‘z yuritayotganda, nafaqat Toharistonni, balki Sug‘diyonani ham esda tutishimiz zarur bo‘ladi. Albatta, Sosoniylar shahanshohi  Feruz 484-yilda mag‘lub bo‘lib, eftalitlarga qarshi jangda halok bo‘lgandan so‘ng Eftalitlar davlati hududini ancha kengaytirib oladi. Uning tarkibiga hozirgi Turkmanistonning bir qismi kiradi, yana ma’lumki, biroz vaqt Marv shahri eftalitlar nazoratida bo‘lgan. Shuning uchun Tohariston Eftalitlar davlati tarkibiga kirgan hududlardan biri bo‘lgan, ammo asosiy hududi bo‘lmagan deb aytishimiz mumkin.O’sha davrda Xitoyning ahvoli uncha yaxshi bo‘lmagani, Hindistondagi Gupta sulolasining esa kuni tugab borayotgan va turli-tuman ichki nizolar sabab zaiflashib qolgani, Eronning ko’proq Sharqqa emas, G’arbga yurish qilib, Rim imperiyasi, keyinchalik esa Bobil (Vizantiya) imperiyasi bilan urishgani sababli eftalitlarda ulkan hududini bo‘ysundirishi uchun ideal vaziyat vujudga kelgan.Eftallar davlat tuzilmasiga ko’ra federatsiya bo‘lgan. Shu sababli eftalitlar davlat tuzilmasi, xo‘jalik yoki iqtisodiyotda biror narsani o‘zgartirmagan. Ular faqat siyosiy jihatdan Sug‘diyonani, Toharistonni bo‘ysundirgan. Ammo qandaydir katta o‘zgarishlar qilgani haqida ma’lumotlar yo‘q. Ular ortidan kelgan imperiyalar eftalitlarning qaysidir tajribasini olgan bo‘lishi mumkin. Eftalitlar ko‘chmanchilar davlati bo‘lgani sabab  barcha bunday imperiyalarning o‘xshash jihatlari bor. Endi eftalitlarning Markaziy Osiyodagi etnoslar shakllanishiga ta’siri haqida shuni aytish mumkinki, ularning Durraniy qabilasi etnogenezi shakllanishida katta rol o‘ynaganini taxmin qilsa bo‘ladi. Bu qabila XVIII asrga kelib, Afg‘onistonning birinchi podshohi Ahmadshoh “abdal” qabilasi nomini “durraniy”ga o‘zgartirgandan so‘ng durraniy, ya’ni “dur” deb atala boshlagan va pushtunlar tarkibida hozirga qadar mavjud. Eftalitlar o‘zini “abdal” deb ataganini bilamiz. Agar “abdal” so‘zining qandaydir diniy – islomiy – ma’nosi bo‘lmasa, abdal qabilasi yashagan va durraniy qabilasi istiqomat qilayotgan hududlarni e’tiborga olib, tarixga razm solinsa, ushbu hududda milodiy V – VII asrlarda eftalitlar yashagani ma’lum bo‘ladi. Yana bir boshqa jihat ham bor. Ular Hindistonning shimoli-g‘arbida istiqomat qilayotgan rajputlardir. Hisoblanishicha, rajputlar shimoli-g‘arbiy Hindiston hududiga borib qolgan alhonlarning mahalliy xalqlar bilan aralashuvidan paydo bo‘lgan, chunki rajputlar urug‘laridan birining oti “xunna” deb ataladi. Hindlarning eftalitlar haqidagi manbalarida ular shunday deb nomlangan. Ya’nikim, o‘sha paytdagi hindlar uchun, hind mualliflari uchun ular xunnlar bo‘lgan. Avstriyalik numizmat Gebel eftalitlar tangalari haqidagi kitobini yozganida, ularni keng ma’noda Eron xunnlari deb ataganini keltirmoqchiman. Uning fikricha, eftalitlar xunnlar bo‘lgan, ammo ularni boshqalardan ajratib ko‘rsatish uchun Eron xunnlari deb atagan.Darvoqe, “kidariylar” atamasi, hukmdor Kidari nomidan kelib chiqqan deb hisoblanadi. Aslida ular qanday atalgani noma’lum. Xionitlar atamasini olsak, u qaysidir jihatdan xunnlar bilan bog‘liqligi ko‘zga tashlanadi. Eftalitlarning kelib chiqishi haqidagi Xitoy manbalarini esga olsak, ular dastlab xunnlar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan, mana shu buyuk ko‘chishda qatnashgan, ehtimol IV asrda xalqlar ko‘chishining bir to‘lqinida ularning bir qismi Yevropa hududiga, bir qismi esa O‘rta Osiyodan boshlanuvchi hududlarga kelib qolgan, shu tariqa eftalitlar, xionitlar, alhonlar va kidariylar paydo bo‘lgan. Aytib o‘tganimdek, ular qardosh xalqlar bo‘lib, bir to‘lqin bilan kelgan, keyinchalik harbiy to‘qnashuvlar vaqtida ulkan hududni bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘lgan. Bu ulkan hududga hozirgi Qozog‘istonning, qisman O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston va Pokiston hududlari, hatto bugungi Hindistonning bir qismi, hozirgi kunda Xitoy Xalq Respublikasi tarkibida bo‘lgan Sharqiy Turkiston kirgan.