Stress ikki turli boʻladi: qisqa(ijobiy) stress, uzoq muddatli (salbiy) stress. Qisqa stress inson xotirasini, immunitetini va intelektual qobiliyatini vaqtincha oshiradi. Аmmo uzoq vaqt stress holatida yurish inson salomatligiga, uning fiziologik holatiga, ruhiyati va xatti-harakatlariga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsata boshlaydi. Stressning asosiy belgilari quyidagilar: asabiylashish, letargiya (befarqlik), uyqu buzilishi, dam ololmaslik, kognitiv funktsiyalarning buzilishi (xotira, diqqat, beparvolik), xavotirning kuchayishi, koʼz yoshi, ovqatga qiziqishning oshishi yoki kamayib ketishi, ortiqcha terlash.Bugungi o’ta jadallashgan, insondan bir vaqtning oʻzida turli funksiyalarni bajarish talab qilinadigan zamonda quyida berilgan bir necha tavsiyalar uzoq muddatli stressga qarshi kurashishda asqotishi mumkin.Demyanovskayaning fikriga ko‘ra, stressga qarshi kurashishda asosiy elementlardan biri – uyqu tartibini shakllantirishdir. “Uyqu rejimiga amal qilish tushkunlik va stress darajasini kamaytirish uchun muhim qadamdir”, deydi ekspert.Nevrolog yaqin kelajak haqidagi tashvishli xayollardan forig‘ bo‘lish uchun har kuni uxlashdan avval ertangi kunni rejalashtirishni tavsiya qilgan. Bu odat barcha ishlarni boshqarish va xavotirni kamaytirishga yordam beradi. “Ertangi kunni rejalashtirish atigi 10-15 daqiqa vaqtni oladi, ammo stressga uchrash ehtimolini kamaytirish imkonini beradi”, deya tushuntiradi nevrolog.Shuningdek, inson o’zi individual tarzda stressni kamaytirish yo’llarini o’ylab ko’rishi lozim. Buni ilm-fanda Coping strategy (“boshqarish va uddasidan chiqish strategiyasi”) deyiladi. Bu stress yoki qiyin vaziyatlar bilan kurashish uchun ishlatiladigan usullar va texnikalar majmuasi bo‘lib, odamlar salomatligini himoya qilish va muammolarga ijobiy tarzda javob berishga yordam beradi. Vaqtida dam olib, lahzadan zavqlanishni o'rganing. O'qish, tikish,turli antiq buyumlarni yig’ish, sport bilan shug'ullanish, gul o’stirish stressni minimallashtirishga yordam beruvchi omillardir.  Bir xil manfaatlarga ega bo'lgan boshqa odamlar bilan uchrashishingiz mumkin bo'lgan klub, yig’ilishlarga muntazam ishtirok etish ham eng yaxshi usul. Stressga yengilmay, siqilish, tashvishlanishga ketkizmoqchi bo’lgan vaqtingizni yangi qobilyatlaringizni kashf qilishga sarflang.Nevrolog tushkunlik va asabiylik paytida ruhiy holatni yaxshilash uchun yoqimli xotiralarni eslab, “ijobiy hissiyotlar banki”ni yaratishni maslahat bergan. Bu konsepsiyada “bank” so‘zi metafora bo‘lib, hayotdagi eng baxtli, tinch yoki quvonchli daqiqalarini xotira sifatida jamlash tushuniladi. Bu xotiralar keyinchalik stressli vaziyatlarda, qiyinchiliklarga duch kelganda ijobiy hissiyotlar yaratish uchun qayta ishlatiladi. Bundan tashqari minnatdorlik ham stressdan xalos bo’lishning eng yaxshi usuli. Hayotga optimistik ruhda qarash lozim. Minnatdorlik bu – hayotda sodir bo’layotgan yaxshi va ijobiy narsalarni eslash usulidir. Ya’ni bir qiyinchilikka duch kelganda depressiyaga tushib, stress darajasini ko’paytirgancha, imkon qadar ijobiy fikrlar va g‘oyalarni o’ylagan ma’qulroq.Ilmiy tadqiqotlarga ko’ra, ko‘k choy va qora shokolad kabi antioksidantlar stressni yengillatishga yordam beradi. Ular inson organizmdagi kortizol darajasini muvozanatda saqlab tura oladi.Sharoitni o‘zgartirish, toza havo va jismoniy harakat ham miyangizni keraksiz fikrlardan xalos qiladi. Sayr qilish ham stressni yengish uchun foydalidir. Agar sizda ijodiy inqiroz bo‘lsa yoki biror narsa haqida o‘ylashni to‘xtata olmasangiz, sayrga chiqing. Bu jismoniy salomatlik uchun ham foydali bo‘ladi.