Asardagi bosh qahramonning asl ismi Elmurod, ammo xalq uni Lallay deb chaqiradigan quduq qazuvchidir. U bola-chaqali. Kata o’g’li (o’gay) Shodmonboy Toshkentdagi kasalxonada uch oydan beri davolanadi. Elmurod esa hech iloj qilib borolmaydi. Shaharni yaxshi biladigan Qayum sho’ro esa soddagina Lallayni kuttirgani kuttirgan. Olib boraman deb o’z yumushlarini bajartiradi.Erat ismli cho’pon esa qazgan qudug’idan suv chiqmaguncha Lallayni chuqurdan chiqartirmaydi. Uch kun quduq ichida yashashga majbur bo’ladi bechora. Аmmo sabr bilan ishini yakunlaydi. Endi o’g’limni ko’rishga boraman deb turgan vaqt Turdiqul ismli qo’shnisi qo’yarda qo’ymay pul tutqazgancha, imoratiga yordam qilishini iltimos qiladi.Turdiqulning imoratini qurish asnosida yer kavlasharkan yer ostidan odam suyaklari chiqib qoladi. Ustalar suyaklarni hurmat-izzatini joyiga qo’yib qabristonga ko’mishga qaror qilishadi. Ammo ortiqcha gap-so’z tarqashidan cho’chigan Turdiqul bunga qarshilik qiladi. Bundan Lallay qattiq ranjiydi. Insonlar o’z manfaatlari yo’lida marhumlarga, shu bilan birgalikda qadriyat, insof, diyonatga nisbatan hurmatsizlik ko’rsatayotgani uni xafa qiladi. Suyaklarni baribir qabristonga ko’mishadi. Ammo Lallayning ko’ngli tinchimaydi. Qo’y so’yib, ma’raka boshlaydi. Buni Turdiqul bilgach Lallayning uyida janjal ko’taradi, judayam quyushqondan chiqqan vaqti Lallay g’azablanib, Turdiqulning boshini qaynab turgan qozonga tiqishiga bir bahya qoladi.Shu vaqt Shodmonjonning og’irlashib qolgani xabari kelib, Turdiqul qutilib qoladi. Shodmonjon qayta oyoqqa turolmaydi. Vafot etadi. Lallay o‘g‘lini suyaklar dafn qilingan qabr yoniga qo’yadi. U yerda soatlab o’tirib, dardini aytadigan odat chiqaradi. Suyaklarning egasini xotirida g’oyibona gavdalantiradi. Tirik insonlarga aytsa, tiriklar tushuna olmaydigan yurakdagi gaplarini marhumlarga to’kib soladi.Lallay shu vaqtgacha uyining yon-veridan quduq kavlamagandi. Endi kavlashga qaror qiladi. Uning o’zi uchun quduq kavlay boshlaganini eshitgan xalq hasharga yopirilib kelishadi. Eng chuqur va eng suvi shirin quduq Lallayning uyi yonidagi quduq bo’ladi.Tahlil:Lallayning o’ziga xos xarakteri bor. Judayam yuvosh, sokin, kichikko’ngil odam. Hammani, o’zidan kichiklarni ham “amaki” deb chaqiradi. O’zini judayam kamtar tutadi. U quduq qazirkan, aslida suv o’rniga mehr chiqaryapman deb hisoblaydi. Qazigan qudug’idan chiqqan suv orqali insonlarga oqibat ulashyapman deb o’ylaydi. Lallayning yolg’iz tashvishi Toshkentda kasal yotgan o’g’li Shodmonboyda. Xalq ishidan ortib o’g’lining yoniga borolmaydi. Atrofdagi odamlar esa faqat o’zini o’ylaydi. Qayum sho’ro singarilar Lallayning og’ir vaziyatidan foydalanib qolishga urinadi, Erat kabilar qudug’idan suv chiqishi uchun hatto Lallayni uch kun quduqda itdek saqlab, eshakdek ishlatadi, Turdiqulga o’xshaganlar esa qurayotgan imorati ostidan odam suyagi chiqib turishiga qaramay yanchib o’tishga tayyor. Lekin shunda ham Lallay hammasiga ko’z yumadi. Uning tashvishi, dardi bitta: quduqlardan suv chiqarish tobora qiyinlashib boryapti…Lallay lallaygani bilan uni o’ta bo’shang odam deyolmaymiz. Uning ham o’ziga yarasha xarakteri, dadilliklari bor. Masalan, pichoq suyakka borib qadalganda Turdiqulning boshini qaynoq sho’rvaga botirishiga oz qoldi. “Qurbaqani bossang ham vaq deydi” deganlari shudir balki. Faqat u ezgulik, tinchlik, yaxshilik yo’lidan yurishni istaydi. Shu sababdan ham o’zini doim kichik oladi. Hammaga yaxshilik istovchi, yaxshilik qilishga intiluvchi, mehr-oqibatli insonlar atrofidagi yomonliklarga beparvo bo'ladilar. Juda nekbinlik bilan harakatlanadilar. Ammo biz insonlar buni qadrlamaymiz. Lallay kabilardan o’z manfaatimiz yo’lida foydalanishga intilamiz. Aslida dunyoni Lallay va unga o‘xshashlar tutib turganini esa xayolimizga ham keltirmaymiz…Asarni ijtimoiy tomondan tahlil qiladigan bo’lsak, Lallay aslida xalqimiz, millatimiz ramzi. Necha zamonlar mustamlakachilik jabrini tortdik. Ustimizga bosib kelganlarni aka dedik, og’a dedik. O’zimizni hamisha kichik oldik. Yozuvchi asar orqali millatimizga “agar o’z vaqtida shijoatingni ko’rsatib turmasang, o’ta mehmondo’st, mehribon, ochiqko’ngil bo’lsang, yaxshi fazilatlilikda me’yor bilmasang, sendan faqat foydalanishadi, ustingdan tuproq tortib, asoratga solib, oilangdan, bolangdan, tarixingdan ayirishadi” demoqchidek, go’yo. Har narsada me’yor bo’lgani kabi yaxshi bo’lishda ham chegara bor. Bu chegaradan oshilsa, hozirgi kunda kishi qadrsizlanib qolishi hech gap emas. Asar so’ngida Lallayning o’zi uchun qazgan qudug’idan shu qadar shirin suv chiqdiki, odamlar ichib to’ymasdi. Bu quduqni hamma uchun yo’l bo’yiga qazgandi. Qahramonning mehri shu suv kabi totli va hamma uchun barobar edi. Aslida u kabilar dunyomizning ustuni, mehrning ko’rinmas rishtasidir…