“Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tashkiloti tomonidan har yili tuziladigan Matbuot erkinligi indeksida O‘zbekiston 2025-yilda ham 180 davlat orasida 148-o‘rinni egalladi. Bu natija o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan farq qilmay, so‘z erkinligi borasida “juda jiddiy” muammolar borligini anglatadi.Mazkur reytingda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari erkinligi 100 ballik tizimda 35 ball bilan baholangan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 37 ballni tashkil qilgan edi. Baholashda inobatga olingan beshta asosiy yo‘nalish — siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy va xavfsizlik indikatorlarining barchasida salbiy o‘zgarishlar qayd etilgan.Mintaqadagi boshqa davlatlar ham yuqori o‘rinlarni egallay olmadi: Qozog‘iston – 141, Qirg‘iziston – 144, Tojikiston – 153, Turkmaniston – 174, Afg‘oniston – 175-o‘rinda. Rossiya 171-o‘ringa tushgan bo‘lsa, Xitoy 178-o‘rinda qayd etilgan. Reytingning eng quyi pog‘onalarini Shimoliy Koreya va Eritreya egallagan.RSF hisobotida ta’kidlanishicha, dunyo bo‘ylab jurnalistlar erkin faoliyat yurita olmayapti. 180 ta davlatdan 90 tasida matbuot xodimlari “qiyin” yoki “juda jiddiy” sharoitda ishlamoqda.Tahlilchilar nazarida, bu holat xavfsizlik muhitining yomonlashuvi, avtoritar boshqaruvning kuchayishi va iqtisodiy bosimlarning ortishi bilan bog‘liq. Tashkilot vakillariga ko‘ra, ko‘plab tahririyatlar hozirda mustaqillikni saqlab qolish va iqtisodiy omon qolish o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lmoqda.RSF ijrochi direktori Anya Osterxaus: “Mustaqil jurnalistika – avtokratlar uchun tikan. Agar OAV moliyaviy muammolarga yuz tutsa, yolg‘on xabar va targ‘ibotni fosh etadigan kuch yo‘qoladi”, deya ogohlantirgan.Hisobotga ko‘ra, kuzatuvga olingan davlatlarning uchdan birida tahririyatlar iqtisodiy sabablarga ko‘ra yopilgan, aksariyat hollarda rasmiy bosimlarga ham duch kelgan. 46 ta davlatda esa OAV faqat oz sonli shaxslar nazoratida qolmoqda.