Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi deputati, «Yuksalish» harakati raisi Bobur Bekmurodov o‘z telegram kanalida 9-may kuni va uni noto‘g‘ri talqin qilinishi haqida fikrlarini bildirdi.«Mamlakatimizda 9-may — Xotira va qadrlash kuni — Vatan uchun fidokorlik ko‘rsatgan insonlarni ulug‘lash, tinchlik va hamjihatlik qadriyatlarini yodga olish kunidir.Afsuski, har yili ushbu kun arafasida ayrim fuqarolar tomonidan Sovet ittifoqini eslatuvchi atributikalar, Georgiy lentasi kabi mustaqillik ruhiyatiga zid ramzlardan foydalanish holatlari kuzatiladi.Qolaversa, rossiyalik ayrim jamoatchilik faollari va jurnalistlar O‘zbekistonda 9-may kunini Xotira kuni emas Gʻalaba kuni sifatida talqin etishda davom etishi nosog‘lom propagandaning yorqin misolidir. 9-may kuni tashqi geosiyosiy yoki tarixiy qarama-qarshiliklarni esga soluvchi ramzlardan foydalanishni biz mutlaqo qabul qilmaymiz.Bayram va xotira tadbirlari faqat O‘zbekiston davlat ramzlari hamda umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan ruhda o‘tishi zarur.Sobiq ittifoq (SSSR) bayroqlarini ko‘tarib chiqish —  amaldagi konstitutsiyaviy tuzumimizga zid bo‘lgan, yot kommunistik g‘oyalarni yoqlash sifatida qabul qilinishi lozim», deb mulohazalarini bayon qilgan Bobur Bekmurodov.Bobur Bekmurodov ilgari ham rossiyalik deputatlar Yevgeniy Fyodorov va Zaxar Prilepin, jurnalist Pyotr Tolstoy va partiya vakili Sergey Mironovlarning shovinistik chiqishlariga omma oldida javoblari bilan tanilgan edi.