“Telegram-kanal va instagramda tarqaladigan «ekspertlik» maslahatlarining ko‘pi safsata ekan. Va ba’zida bu safsatalarni shifokorlardan ham eshitish mumkin”, deydi Liberman. Quyida 7ta shunday noto‘g‘ri qarash bilan tanishasiz: 1. Sizga 8 soat uyqu kerak emasLiberman zamonaviy texnologiyalar — chiroq va uyg‘otkichlarsiz yashaydigan odamlarni o‘rgandi. Ular sutkada atigi 6–7 soat uxlashadi. Va shunda ham o‘tkir aql va mustahkam sog‘likka ega. Aslida, “8 soat uxlash” qoidasi sanoat inqilobi davrida paydo bo‘lgan ekan. U hech qachon ilmiy asosga ega bo‘lmagan. Ko‘plab tadqiqotlar ko‘rsatadiki, aksariyat odamlarga 7 soat uyqu yetarli. Eng muhimi barqaror uyqu rejimi. 2. O‘tirish — zararli emasMuammo o‘tirishda emas, ko‘p vaqt harakatsiz qolishda. Sivilizatsiyadan uzoq qabilalarda yashovchi odamlar ham ko‘p o‘tiradi — biroq har 10–15 daqiqada turib, harakatlanishadi. Bu qisqa faollik tanani uyg‘otib, salomatlikni qo‘llab-quvvatlaydi.3. Jismoniy mashqlar tez vazn tashlashga yordam bermaydi (agar faqat shu bilan cheklanilsa)Jismoniy faollikning yurak, miya va kayfiyat uchun ijobiy ta’siri beqiyos. Biroq u ortiqcha vaznga qarshi mo‘jizaviy dori emas. Organizm jismoniy yuklamaga moslashib, vaqt o‘tishi bilan kamroq kaloriya "yoqa" boshlaydi. Biroq bir afzallik bor: mashqlar ozgandan keyin vaznni ushlab turish uchun muhim. Jismoniy faol insonlar parhezdan keyingi natijani karrasiga ko‘proq saqlab qoladi. To‘g‘ri ovqatlanish yog‘dan xalos bo‘lishga, mashqlar esa natijani mustahkamlashga yordam beradi.4. Pensiyaga chiqish xavfli bo‘lishi mumkinLibermanning fikricha, pensiyaga chiqqan odamlarda harakat kamayadi, ular ko‘p ishsiz o‘tirishadi va mushak massasini yo‘qotadi. Bu ham jismoniy, ham aqliy qarish jarayonini tezlashtiradi. Albatta, agar kun bo‘yi ofisda o‘tiradigan ishda bo‘lsangiz, aksincha, nafaqaga tezroq chiqqan yaxshi.5. Shakar bevosita saratonga sabab bo‘lmaydi“Shakar saratonga ozuqa beradi” degan iborani eshitgandirsiz. Bu gap haqiqatdan uzoq emas, biroq ayni haqiqat deb bo‘lmaydi. Gap shundaki, shakar yeganda, energiyani saqlash uchun insulin miqdori oshadi. Agar u ko‘payib ketsa, yog‘ hujayralari shishib, yorila boshlaydi. Bu yallig‘lanishga sabab bo‘ladi. Surunkali yallig‘lanish esa — ko‘plab kasalliklarning yashirin sababidir. 6. Yugurish tizzaga zarar yetkazmaydiKo‘pchilik yugurish bo‘g‘imlarni zararlaydi, deb o‘ylab, undan voz kechadi. Lekin muammo yugurishning o‘zida emas.  Libermanga ko‘ra, yugurish tizzalarni mustahkamlab, artrit xavfini kamaytirishi mumkin. Og‘riqning asl sababi esa boshqa. Ko‘p odamlar amortizatsiyali poyabzal tufayli og‘irlikni tovonga tushiradi. Bunda zarba aynan tizzaga keladi. Tagi ingichka oyoq kiyim yoki yalang oyoq yugurish yuklamani butun oyoqqa teng taqsimlashga yordam beradi. 7. Sizga 10 000 qadam kerak emasBu raqam — 1960-yillardagi Yaponiyaning marketing usuli. Buning zamirida ilmiy asos yo‘q. Bir kunda 7000–8000 qadamdan so‘ng yurishning foydasi kamayadi. Liberman aytadiki, qadamlar soni emas, yurishning muntazamligi muhim. Libermanning tadqiqotlari salomatlik haqidagi ko‘p tasavvurlar ilmiy asoslanmagan, balki madaniy odatlar, an’ana va farazlar ekanligini ko‘rsatadi. Salomatlik esa hamma narsada me’yor va ongli munosabatdan boshlanadi.