Ro‘yxatda O‘zbekiston fuqarosi ekanliklari aytilib, Rossiya qurolli kuchlari safida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish uchun shartnoma imzolagan jami 1110 nafar shaxsning ismi-sharifi, tug‘ilgan sanasi va shaxsiy raqami keltirilgan.Xabarda aytilishicha, bu ro‘yxat to‘liq emas va etnik o‘zbeklarni qo‘shib hisoblaganda ularning soni bir necha ming bo‘lishi mumkin.Ro’yxatga ko’ra, kamida 109 kishi janglarda halok bo‘lgan. Ularning eng yoshi 21 yashar, eng kattasi 62 yoshda bo‘lgan. "Yashashni istayman" Ukraina Mudofaa vazirligi va razvedka boshqarmasi yordamida tuzilgan davlat loyihasi hisoblanadi. Loyiha tomonidan taqdim etilgan ushbu ma’lumotlarga O’zbekiston va Rossiya rasmiylari tomonidan munosabat bildirilmagan.Bundan tashqari loyiha tashkilotchilarining aytishicha, bu faqatgina Rossiya tarafida turib, Ukrainaga qarshi jang qilgan yoki qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining ro‘yxatidir.Unda o’zbekistonlik harbiy asirlar keltirilmagan."O‘zbeklarni Rossiya Qurolli kuchlari saflariga yollash tojiklarnikiga o‘xshab ketadi: O‘zbekistondan migrantlar oqimi susaymayapti, Rossiya davlati esa, ularni "to‘p yemi" sifatida qo‘llashdan faqat xursand", - deydi loyiha vakilllari.BBC nashrining yozishicha, Rossiya Ukraina urushi manzarasida ham o‘zbekistonliklar uchun eng yirik mehnat bozori bo’lib qolmoqda.Bungacha loyiha Rossiya armiyasi saflarida jang qilayotgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Belarus fuqarolarining ro‘yxatini chop qilgandi.Rossiya tomonda jang qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari hozircha ushbu ro‘yxatlar ichida eng ko‘pi bo‘lib turibdi.Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshidanoq O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini chet el Qurolli kuchlari saflariga yollanmaslikka chaqirgan bo‘lsa-da, ularning yollanma askarlarga nisbatan siyosati ko‘plab savollarni tug‘dirmoqda, deydi mazkur loyiha.“Yashashni istayman” loyihasi buning sababini, “mahalliy qonunlarda yollanish 5-yildan 10-yilgacha qamoq jazosini ko‘zda tutishi, 2023-yildan beri mahalliy sudlar Rossiya Qurolli kuchlarining yollanma askarlariga bir nechta hukm chiqargani, lekin ayblanuvchi o‘nlab ukrainaliklarni o‘ldirganini tan olsa ham, ularning aksariyati shartli jazo yoki ozodlikni cheklash bilan qutilib qolgani” bilan izohlaydi.O‘zbekiston Jinoyat Kodeksida urushga askar sifatida yollanishga taalluqli ikki modda mavjud.154-moddada ko‘zda tutilgan harakatlar uchun beriladigan jazo anchayin og‘ir – besh yildan 12-yilgacha ozodlikdan mahrum etish.154-1-modda bilan ayblanganlar esa jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikdan cheklash yoki 5 yilgacha qamoq bilan jazolanishi mumkin.Shu vaqtgacha jurnalistlarga Rossiya tomonidan turib jang qilganlik bo‘yicha 4 o‘zbekistonlikning mahkamaga tortilgani ma’lum. Ularning birortasiga ham qamoq jazosi qo‘llanilmagan.Bu shaxslar nisbatan yengil bo‘lgan ozodlikni cheklash jazosi bilan qutilib qolgan. Ozodlikni cheklash O‘zbekistonda uy qamog‘ining bir turi ekanligi aytiladi. Uy qamog‘iga olinganlarning ichida 10 nafar Ukrain harbiysini o‘ldirganini tan olgan erkak ham bor. Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahri sudi ismi oshkor qilinmagan erkakni o‘tgan yilning dekabrida 4-yilu 2 oyga ozodlikdan cheklagandi.Ukraina Tashqi ishlar vazirligi xorijiy davlat fuqarolarini imkoni boricha Rossiya Qurolli kuchlari saflariga tushib qolmaslik, jang jabhasiga yuborilgan taqdirlarida esa, “Yashashni istayman” loyihasiga murojaat qilishga ham chaqirgan.