— Korrupsiya so‘zi lotin tilida corrumpō – chirish, aynish degani. O‘zbekistonda, MDH davlatlarida korrupsiya axloqiy va qonuniy talqin qilinadi. Axloqiy talqin emosiyaga bog‘liq, bu juda ko‘p yomon natijalarga olib keladi. Deylik, jurnalist korrupsion holatni ko‘rib, shu haqida yozsa, bu o‘sha odam uchun yomon natijalarni keltirib chiqaradi.2017-yilda O‘zbekistonda qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonunning 3-moddasida mansab va vakolatni suiiste’mol qilish haqida gap ketib, bu korrupsiya ekani aytiladi. Bu BMTning korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga ham to‘g‘ri keladi.Korrupsiyaga qarshi kurashda yaxshi natijalarga erishgan davlatlarda korrupsiyaning turli ko‘rinishlari talqin qilinadi. Mansab va vakolat borasida gap ketganda xalq ishonib bergan vakolatni suiiste’mol qilish degan ma’noda bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman, nodavlat tashkilotlar shunday tavsiya berishsa yaxshi bo‘lardi. Bu ham fuqarolik jamiyati va davlat o‘rtasidagi kelishuvni kuchaytiradigan omil bo‘lardi.Metafora qilib aytadigan bo‘lsak, hamma och, osh damlanyapti, shu ovqat pishishiga qarab turibdi, lekin osh pishganda eshik ortidan kimdir kelib eng yaxshi joylarini olib ketdi. Bunda umumiy yo‘qotish holati bo‘ladi. Masalan, o‘qituvchilarga, shifokorlarga maoshlar yo‘qotilishi.Qodir Quliyev/ Vatandosh TVIqtisodiy tahlil qilsak, inflyasiyaning o‘zini korrupsiya bilan qanchalik bog‘liq ekanini ham isbotlash mumkin. Lekin shu tahlildan kelib chiqib, falonchini korrupsioner deyish muammo. Chunki qonuniy talqin, ta’rif masalasi bor. Biror kishini korrupsioner deganda jabrlanuvchidan tashqari zararlarini ham isbotlash kerak.Korrupsiya bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlarining deyarli barchasida bir xil ko‘p va’dalar berilyapti. Lekin bu davlatlarda korrupsiyani idrok etish darajasi turlicha. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha diagrammaga qarasak, Qozog‘istonda natijalar yaxshi, O‘zbekistondagi siyosiy o‘zgarishlar ham ta’sir qilyapti. Lekin korrupsiya bo‘yicha indeksga ham to‘la ishonib bo‘lmaydi.Oxirgi 5-6-yilda O‘zbekistonda fuqarolik, jamiyati, davlat tashkilotlari, xususiy tashkilotlar tomonidan korrupsiya haqida gapirish, korrupsiyaga qarshi tendensiya oshib boryapti, bu — yaxshi yangilik. Siyosiy iroda nisbatan bor, o‘zgarishlar bor, qonunlar bor. Lekin birorta davlatda shunchaki qonun chiqarish bilan ish bitmagan, uning muqarrarligi bo‘lishi kerak.2024-yil O‘zbekistonda 4900 dan ortiq mansabdor shaxs korrupsiyaga yo‘l qo‘ygani uchun javobgarlikka tortilgan, lekin ularning atigi 20 foizi qamalgan. Buning o‘zida ham korrupsiya bor. Shuningdek, aniqlangan holatlar ko‘proq “xavfsiz” sohalar: ta’lim va tibbiyotda ko‘proq. Yuqori turuvchi,  siyosiy elita tomonidan qilingan korrupsion holatlar esa kam ochiladi, bu afsuski, qo‘rquv bilan bog‘liq.Odamlar mayda poralarni oddiy hol sifatida qabul qilyapti. OAVda ham jurnalistlar faqat katta miqdordagi poralarni gapiryapti. Biror mansabdor qo‘lga tushdi, hibsga olindi, deylik, shu yerda to‘xtaydi yoritish. Keyingi jarayon, qancha zarar bo‘lgan, nima qilingan kabilar yoritilmaydi. Ba’zi hollarda qo‘rquv va ishonchsizlik sabab korrupsion holatlar haqida xabar ham berilmaydi.Korrupsiya ijtimoiy oqibatlarda gorizontal va vertikal bo‘shliqlar paydo qiladi. Gorizontal bo‘shliq degani, masalan, puli bor odam pora bilan ish bitiradi, puli yo‘q odam ilojsiz, shu ikki toifa o‘rtasida nafrat paydo bo‘ladi. Bu omil kollektivizmdan individualizmga o‘tishni kuchaytiradi. Vertikal bo‘shliqlarda esa fuqaro va mansabdorlar, davlat o‘rtasida ishonchsizlik paydo bo‘ladi. Ishonch juda katta narsa.Xavfsizlik masalasi olaylik. Yo‘llarimiz talabga javob bermaydi. Har bir kilometri uchun 400 ming dollar hisoblanadi kamida. Lekin buning monitoringi yo‘q. Yo‘llar bo‘yicha qancha yo‘qotishlar bo‘lishi, masalan, fermerning bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga mahsulotini yetkazishda transport ko‘radigan zararlarni hisoblab ko‘rganmiz. Bularning hammasi bir-biriga bog‘liq.Ha, davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashda bir-biridan aynan bir xil model ko‘chira olmaydi, lekin shunday umumiy 4 jihati bor. Bular: jamoat nazorati, faol va mustaqil institutlar, siyosiy elitaning o‘z faoliyatini monitoring qilinishiga yo‘l berishi, qonunlar de-fakto ishlashi.                                                                                                            Qodir Quliyev               Korrupsiyaga qarshi kurash va boshqaruv bo‘yicha xalqaro ekspert.