Foto: Daryo.uzO‘zbekistonda aholini ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirlari o‘tkaziladi. Bu haqda 11-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentga aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarini samarali tashkil etishga oid takliflar taqdimotida ma’lum qilindi. Keltirilishicha, ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirlari 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar o‘tkaziladi. Ro‘yxatga olishning dastlabki 17 kuni internet orqali, keyingi bir oy esa “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshiriladi. Savollar soni 328 tadan 71 taga qisqartiriladi, xarajatlar esa 1,3 trillion so‘mga kamayishi kutilmoqda.Natijada 38 million aholining tarkibi, migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi va daromad manbalari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish, chorva mollari va parrandalar soni aniqlanadi.Ma’lumot uchun, mamlakatda umummilliy ro‘yxatga olish oxirgi marta 1989-yilda o‘tkazilgan. “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida” qonun doirasida aholini har 10-yilda, qishloq xo‘jaligini esa har 5-yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan. Xususan, 2021-yilda aholini, 2022-yilda esa qishloq xo‘jaligini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazilgan. Lekin to‘laqonli ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun zarur omillar va xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish ma’lum vaqtni taqozo etishi bois, bu tadbir keyinga qoldirilgan.