Qobul Do'sovBloger Qobul Do‘sovga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.Ma’lum qilinishicha, bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida Qobul Do‘sovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilingan. Jinoyat ishi JIB Shayxontohur tuman sudi sudyasi A.Mirzaxonov raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqilgan.Sud hukmiga muvofiq Qobul Do‘sov 5 nafar jabrlanuvchiga (Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Navoiy viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mutasaddi va mas’ullari, Chirchiq shahri IIB Probatsiya bo‘limi katta inspektori) nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a” bandi (Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish), 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (Jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish) va 237-moddasi 2-qismi “g” bandida (Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab yolg‘on xabar berish)  Qobul Do‘sovga Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalariga asosan 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi tartibida mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudining 2025-yil 24-fevraldagi hukmi bilan tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan o‘tash uchun uzil-kesil 5 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayilandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.Qobul Do‘sov tomonidan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida yaratilgan “Qobul Do‘sov” nomli profil hamda Telegram messenjerida yaratilgan “Qobul Do‘sov/RASMIY KANAL/” nomli kanal faoliyati to‘xtatilib, bloklanishi belgilandi.Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha manfaatdor taraflarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqlari mavjudligi tushuntirildi.Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi.Ish doirasida yakuniy mahkamalardan birida qatnashgan Vatandosh TV muxbiriga ko'ra, Do'sov sud hukmi uning emas, bevosita ta'limning kelajagiga nisbatan chiqarilishi haqida gapirgan."Sudda OAV vakillari qatnashayotganidan foydalanib aytmoqchimanki, kutilayotgan hukm mening emas, bevosita ta'limning kelajagiga nisbatan chiqariladi. O'zim uchun afsuslanmayman", – degan u  muzokara qismidagi so'ng so'zlarida. O'z o'rnida sudya Mirzaxonov jurnalistlarga yuzlanib, bu Do'sovning shaxsiy fikrlari ekanini eslatgan.