Foto: Gazeta.uz/Abdullo YodgorovTarmoqlarda “Endi hamma o‘zining viloyatida taksichilik qiladi. Toshkentda faqat „01“ raqamli avtomobillargagina litsenziya berishadi”, deb aytilgani aks etgan videolar tarqaldi.  Video muallifining aytishicha, ko‘pchilik hozir “Litsenziya olamiz, Toshkentda ishlaymiz”, desa, ularga rad javobi berilmoqda. “Haydovchi litsenziya oladigan bo‘lsa, o‘zining hududida ishlaydigan qilib qo‘yishibdi. Misol uchun 01 — Toshkent nomeri. Ular Toshkentda ishlaydi. Andijonliklar Andijonda, qoraqalpog‘istonliklar Qoraqalpog‘istonda, qashqadaryoliklar Qashqadaryoda”, — deydi u. Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z  Ashurmatovning tasdiqlashicha, ushbu tartib kuchga kirib bo‘lgan. «Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2011-yilda qabul qilingan yo‘nalishli taksilar faoliyatini tartibga soluvchi 139-sonli qarorida qayd etilgan. O‘sha qaror bilan tasdiqlangan nizomda yo‘nalishli taksilar uchun yagona tanish belgilari va ularning faoliyat yuritishi uchun qo‘yilgan talablar bor. O‘sha nizomning 5-bob 9-bandida haydovchi yo‘lovchilarni yo‘nalishsiz taksida tashishni litsenziya kartochkasida belgilangan hududda amalga oshiriladi deb yozilgan. Bu qaror hozir o‘zining kuchini yo‘qotgan. Mazkur qaror o‘rnini bosuvchi 2025-yilda chiqqan qarorga ko‘ra, haydovchining o‘z hududida, ya’ni litsenziya kartochkasida ko‘rsatilgan hududda faoliyat olib borishi belgilab qo‘yildi. Bu oldindan bo‘lgan narsa va allaqachon kuchga kirib bo‘lgan», — deydi vazirlik vakili. “Taksichilik qiluvchilar litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan hudud va unga tutash hududda taksichilik qilishi kerak. Soddaroq qilib tushuntirganda, sizning mashinangiz bor va uning davlat raqami belgisi Toshkent viloyati hududidan ro‘yxatdan o‘tgan, ya’ni „10“ raqamli nomer berilgan. Shunda siz Toshkent viloyati hududi ichida va unga tutash bo‘lgan hudud: Toshkent shahri, Sirdaryo va Namangan viloyatlari ichida yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanishingiz mumkin. Yoki Samarqand viloyati davlat raqami belgisi olgan mashina egalari Samarqand viloyati ichida va unga chegaradosh bo‘lgan boshqa viloyatlar hududida taksichilik qilishi mumkin”, — deydi Ashurmatov.Jamoatchilik fikriJamoatchilik faoli Komil Jalilov voqeaga taksi xizmatlari ko'rsatuvchilarining faoliyatini hudud bo'yicha cheklash nafaqat Konstitutsiyaga, balki Mehnat Kodeksiga ham zid ekanligini ta’kidlab, kodeksning 4-moddasini ilova qilgan. Unga ko‘ra, “Mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish taqiqlanadi. Jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, qarindoshlarida sudlanganlikning mavjudligi, mulkiy holati va mansab mavqeyi, yashash joyi, dinga bo‘lgan munosabati, e’tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik sifatlari va mehnati natijalari bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnat va mashg‘ulotlar sohasida biror-bir to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklovlar belgilash, xuddi shuningdek biror-bir to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita imtiyozlar berish kamsitishdir”.Iqtisodchi Behzod Hoshimov Toshkentdagi tirbandliklar masalasini xato yo‘l bilan yechmoqchi bo‘lishayotganini ta’kidlab, muammo taklifda emas, balki talabda ekanligini qayd etdi. “Toshkentda ko‘p avtomobillarga talab bor, ko‘p odamlar esa bu talabni qondiradi. Bu masalani to‘g‘ri yechimlari bor — pullik parkovka, jamoat transportiga sarmoya, balki ko‘chalardagi harakatlanish ayrim vaqtlarda pullik bo‘lishi mumkin. Belgilangan chorada esa — masala xuddi faqat taklifdadek tuyulyapti. Qaysidir amerika mamlakatida, avtomobil nomerlari toq raqam bilan tugasa toq kunlarda, juft raqam bo‘lsa, juft kunlarda harakatlanishga ruxsat berishgan edi. Natijada, avtomobillar soni qariyb ikki karra oshgan. Bu loyihani ham aylanib o‘tishadi, sal-pal haqlar poy-mol qilinadi, qonuniylikka nisbatan behurmatlik oshadi, lekin taksilar yo‘q bo‘lib qolmaydi”, — deydi u.U qonuniy jihatlariga ham to’xtalib: ” Ikkinchi tomondan - qonuniy masala. Bunisi muhim. Konstitutsiaviy va bazaviy inson huquqlari. Agar qaysidir faoliyat turi - odamni kelib chiqishi sababidan boshqa viloyatlarda ishlashi taqiqlansa  - insonlarning konstitutsiaviy huquqi masalasi ko’tarilishi kerak. O’zbekistonliklar, O’zbekistonni istalgan xududida yashashga va mehnat qilishga bo’lgan haqlari cheklanmasligi kerak deb o’ylayman”, - dedi.Iqtisodchi, ushbu cheklovlarni “mantiqsiz” ekanligini aytib, quyidagilarni qo‘shimcha qildi: “Yana bir mental eksperiment: agar viloyatlararo cheklov to’g’ri deb o’ylasangiz nega unda tumanlar aro cheklov xato narsa deb o’ylaysiz?O’ylab ko’ring, Qashqadaryolik haydovchi Toshkentda ishlamasligini oqlashga ishlatilgan mantiqni Yunusobodlik haydovchi Sergelida ishlamasligiga yoki, Chinozlik haydovchi Yangi Yo’lda ishlashi mumkin emasligiga qo’yib ko’ring. Ahmoqona eshitiladi-a? Bir respublika ichidagi cheklovlar ham xuddi shunday eshitiladi. Ular mantiqsiz.  Men oldinlari Rossiyaga borganimda juda ko’p marotaba O’zbekistonlik yoki Qirg’izistonlik haydovchilarga duch kelar edim. Yoki Nyu Yorkda ham, bir necha marta O’zbek haydovchisi meni manzilga yetkazib qo’ygan. Ko’plari Nyu Jersi yoki hatto Pennsilvaniyada istiqomat qilishar edi. Nyu Yorkda emas. Yaxshiyam, ularda kelib chiqishiga (O’zbek) qarab kim qaysi shaharda faoliyat olib borishiga ruxsat berilmas ekan. Chunki Nyu York bilan Nyu Jersi umuman har xil shtat va hatto har xil soliq tizimi”.Otabek Bakirov qonun ijrosi oqibatida insonlarda quyidagi tanlovlar qolishi ta’kidladi: “Mashinasini sotib, Rossiyaga mardikorlikka ketish, viloyatlarga qaytish va ishsizlar yoki kambag‘allar armiyasini ko‘paytirish. Shuningdek, kamida 5,5 mln so‘m pul sarflab, o‘z mashinasini toshkentlik qarindoshi yoki tanishi nomiga o‘tkazish (Toshkent raqami uchun), keyin ijarada yoki ishonchnomada taksichilik qilish. O‘tgan yomon zamonda yuz minglab o‘zbekistonliklar Toshkent shahridagi o‘z uyini boshqalar nomiga rasmiylashtirib va ijara shartnomasi qilib yashashiga to‘g‘ri kelardi. Xuddi shu buzuq amaliyot qaytmoqda. Masala, xususan, avtomobil raqamiga oid bo‘lgani uchun lobbi aynan raqam qirollaridan chiqqanmikan, degan gumon ham keladi. Chunki oxirgi chora sifatida viloyatlik haydovchilar Toshkent raqamlarini olishga majbur bo‘lishadi. Tabiiyki, poytaxtliklar viloyatliklarni kamsitishga oid bu qarorning oqibatlarini cho‘ntaklarida sezishadi. Taksi narxlari oshadi, yo‘nalishsiz taksilar kamayadi”Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevga ko‘ra esa ” Birinchidan, endi Toshkentda taksilar qimmat bo‘ladi. Ikkinchidan, 2 minutda keladigan taksi 10 yoki 20 minutda kelishni boshlaydi, chunki qonuniy taksichilar soni keskin kamayadi. Uchinchidan, endi viloyatliklar noqonuniy taksichilik qilishga o‘tadi. Ko‘chalarda qo‘l ko‘tarib turganlar ko‘payishni boshlaydi, yashirin iqtisodiyot yana gullab, yashnaydi. To‘rtinchidan, endi qonuniy ishlamoqchi bo‘lgan viloyatliklar noiloj o‘z mashinasini Toshkent propiskasi bor biron tanishining nomiga o‘tkazishga, o‘zi esa „gen doverennost“ orqali yurishga majbur bo‘ladi. Natijada mulkiy nizolarning yangi to‘lqini boshlanadi, tanishiga ishonib, o‘z mashinasidan ayrilib qolgan yurtdoshlarimiz ko‘payishni boshlaydi”.Uning so‘zlariga ko‘ra, mas’ullar o‘ylaganidek, bu qaror orqali Toshkentda tirbandliklar kamayib qolmaydi. Hamma o‘z viloyatiga qaytib ketmaydi (ish yo‘q joyda nima bor?).“Eng asosiysi propiska rejimi rasman qaytgani bilan hammani tabriklayman. Qanchadan qancha „qon yutishlar“ orqali bir amallab yo‘qotilgan la’nati rejim taksichilar misolida yana ortga qaytibdi. Konstitutsiyaga zid bo‘lsa ham, baribir shu qarorni qabul qilishibdi. Eh, propiska rejimi bekor qilingani Yangi O‘zbekistondagi eng katta yutuqlardan biri sifatida e’tirof etilgan edi-ya… Buncha tez ortga qaytamiz, deb o‘ylamagandim. Taksichilar — bu boshlanishi! Ertaga viloyatlik sartarosh o‘zini viloyatida sochini olsin deyishadi, viloyatlik novvoy o‘zini viloyatida non yopsin deyishadi, viloyatlik xodimlar o‘zini viloyatida ishlasin deyishadi. Yo‘q, unaqa bo‘lmaydi, demoqchimisiz? Men uncha shoshmagan bo‘lardim. Mana, taksida qilishdi-ku… Axir bu fakt-ku”, — deydi Xudoyberdiyev.