Foto Viktor AlimasovMaqolada Vatandosh TV kolumnisti, falsafa fanlari doktori, professor Viktor Alimasov o‘zlikni anglash xususida umumiy xulosalarini bayon qiladi.Qadimgi yunon faylasuflarning “o‘zingni bil” yoki “eng qiyin narsa o‘zingni anglash” degan iborasi yigirma yetti asrdan beri takrorlanib keladi. Aristotel esa inson avval o‘zini sevishi kerakmi yoki o‘zgani, degan savol ustida bosh qotirib, avvalo, o‘zini sevishi, bilishi, kerak degan xulosaga kelgan. G‘arbda shakllangan individualizm ushbu da’vat natijasi bo‘lishi mumkin.Inson o‘zini qanday biladi? Masalan, siz o‘zingizni o‘zingiz bila olasizmi? Ma’lum bir so‘zlaringizni yoki harakatlaringizni tahlil qilishingiz mumkin. Hatto ularni boshqarishingiz va qayergadir yo‘naltirishingiz mumkin, lekin bu hali o‘zingizni o‘zingiz bilishingiz emas. O‘zingizni bilishingiz uchun o‘zingizni o‘zingiz kuzatishingiz kerak. Ko‘zguga qarangchi, qancha daqiqa o‘zingizni kuzata olasiz? Bir, besh, juda nari borsa, o‘n daqiqa. O‘zingizni o‘zingiz kuzatolmaysiz, demak, bilolmaysiz. Balki shuning uchun ham yunon faylasuflari “O‘zingni bil” degandir? Axir kishiga o‘zini anglash imkoni berilmagan bo‘lsa, u qanday qilib o‘zini bilsin? Bu anglab bo‘lmas paradoksdir.Mening fikrimcha, inson o‘zini o‘zga orqali bilishi mumkin. U o‘zgani bilib, o‘zini bilish tomon boradi. U o‘zgani kuzatib o‘zini kuzatadi. U o‘zgani tahlil qilib o‘zini ham tahlil qiladi. Unga ko‘zgu —o‘zga. O‘zgani bilishi o‘zini bilishning boshidir. Ammo bu jarayon o‘zini mutlaq bilishi emas, aks holda “men” bilan “o‘zga” aynanlashadi. Ular o‘rtasida o‘ziga xoslik, farq qolmaydi. Bu reallikka, hayotga zid.O‘zga — yon-atrof, olam, bud-borliq, uyingiz va mahallangizdagilar. O‘zga —vataningiz va vatandoshlaringiz, do‘st-u dushmanlaringiz, hammaslag-u opponentlaringiz, xullas,sizni o‘rab turgan tabiiy va ijtimoiy makon. Bu makon rang-barang, ziddayn, tasodif va paradokslarga to‘la. Uni anglash ham murakkab hamda zavqli.Siz bilan ushbu turfa suvratli va siyratli olam o‘rtasidagi aloqalar, uni bilishga intilishlaringiz, goho idrokni shoshiltirib qo‘yuvchi tasodifiy hodisalarga munosabatingiz o‘zingizni o‘zingiz anglashdir. Bu anglash, taniqli psixologlar B.G.Ananev va A.A.Bodalev fikriga ko‘ra, faoliyat va muloqot vositalari orqali ro‘y beradi. Faoliyat insonning ijtimoiy borliqni, muloqot esa insonlarni anglash va o‘zgartirish vositalaridir. Faoliyat konstruktivligi va empirikligi bilan maftunkor. Ular inson psixofiziologiyasidagi yetilish bosqichiga muvofiqligi bilan ajralib turadi. Mutaxassislar fikricha, bu yetilish 20-50 yoshlarga to‘g‘ri keladi. Bu davrda shaxs ma’lum bir kasbni egallab, ijtimoiy hayotda faol qatnashadi, yon-atrofini takomillashtirishdan zavq oladi. Shuning uchun o‘zini anglash ham, o‘zgani anglash ham asosan shu bosqichga to‘g‘ri keladi. Muloqot vositasida anglash esa erta shakllanadi va u shaxs umrining oxirigacha davom etadi. Hatto akademik A.N.Leontev muloqotni faoliyatning eng muhim, eng ta’sirchan shakli hisoblaydi. Inson o‘zini faoliyat va muloqot sintezi mahsuli sifatida namoyon etadi. Demak, o‘zini bilish ham, o‘zgani bilish ham faoliyat va muloqot sintezi mahsulidir. Ammo ijtimoiy psixologiya va falsafiy muammo shundaki, yangi davr falsafasining asoschisi R.Dekartdan keyin shaxsiy sensitiv kechinmalarini ustuvor ko‘rsatish avj oldi. Bunga din va diniy psixologiya ham qo‘shildi.Natijada insonning bilish qobiliyatini idealistik-sensitiv va materialistik-empirik talqinlari paydo bo‘lib, ular o‘rtasidagi g‘oyaviy-nazariy kurash hamon davom etadi.R.Dekrtning,“fikrlayapman, demak, mavjudman” degan idealistik-sensitiv g‘oyasi e’tiborni shaxsga, o‘zini anglashga qaratadi. Bu qadimgi yunon faylasuflarining “o‘zingni bil” da’vatiga yaqindir. Men esa o‘zingni bilish o‘zgani bilishdan boshlanadi, degan qarash tarafdoriman.O‘zga — cheksiz. Ushbu cheksizlik inson ruhini ham, o‘zini bilish jarayonini ham cheksiz qiladi.Tashqi borliqning o‘zlikni anglashga ta’siri birlamchi. Bunga R.Kipling qahramoni Maugli yorqin misol. Uning jamiyat qo‘yniga qaytishi ham insonlar, aniqrog‘i, qiz orqalidir. Agar yozuvchi Mauglining jamiyatga qaytishi bilan bog‘liq hayotini kuzatganida edi, o‘zlikni anglashdagi ziddiyatli sensitiv kechinmalarga duch kelardi. Qahramonning jamiyatga to‘la moslashuvini kafolatlash qiyin. U hayvoniy va insoniy kechinmalar orasida sarson yashashga majbur...O‘zgani bilishning murakkabligi o‘zlikni anglashni soddalashtirmaydi, qoliplashtirmaydi. Ammo bu jarayon mudom shaxs ixtiyoridadir. Hayoti uchun mas’ullik va huquqlaridan foydalanish tajribasi o‘zlikni ham, o‘zgani anglashni ham ijtimoiy ahamiyatli hodisaga aylantiradi. O‘zgani bilish —o‘zlikni anglash ibtidosidir.Viktor Alimasov,falsafa fanlari doktori, professor