AQSH federal sudyasi Ellison Berrouz Donald Tramp ma’muriyatining Harvard universitetiga chet ellik talabalarni qabul qilishni taqiqlovchi qarorini vaqtinchalik to‘xtatdi. Bu qaror sobiq prezident Barak Obama tomonidan tayinlangan sudya tomonidan chiqarildi.Mazkur sud qarori Tramp ma’muriyati Harvard universitetining xalqaro talabalar ishtirok etadigan Talabalar va almashinuv dasturi – SEVP (Student and Exchange Visitor Program) litsenziyasini bekor qilishga urinayotgan vaqtda e’lon qilindi. Qaror kuchga kirgan taqdirda, universitet xorijlik talabalarni o‘qishga qabul qila olmay qolgan bo‘lardi. Sud qaroridan bir kun avval The New York Times nashrining xabar berishicha, AQSH hukumati Garvard universitetiga xorijlik talabalarni o‘qishga qabul qilishni taqiqlagan. Ichki xavfsizlik vazirligi Harvard universitetiga talabalarni almashinuv asosida qabul qilish imkonini beruvchi SEVP (Student and Exchange Visitor Program) dasturining sertifikatini zudlik bilan bekor qilish to‘g‘risida rasmiy xat yuborgan.  Buning natijasida universitet chet ellik talabalar uchun AQSHda o‘qish vizasini olishda zarur bo‘lgan hujjatlarni taqdim eta olmay qoladi. Mamlakatda ta’lim olayotgan xorijiy talabalar esa boshqa oliygohlarga o‘tishga majbur bo‘ladi yoki aks holda AQSHni tark etish xavfi ostida qoladi.Harvard rahbariyati bu harakatni noqonuniy deb hisobladi. Universitet OAV bilan aloqalar bo‘yicha direktori Jeyson Nyuton bayonotida shunday dedi:“Biz Harvardning 140 dan ortiq mamlakatdan keladigan, universitet va mamlakatni beqiyos boyitadigan xorijiy talabalar va olimlarni qabul qilish imkoniyatini saqlab qolishga qat’iy qaror qildik. (AQSH hukumatining) bu javob harakatlari Harvard hamjamiyati va mamlakatimizga jiddiy zarar yetkazish bilan tahdid qiladi, shuningdek, universitetning akademik va tadqiqot missiyasiga putur yetkazadi.”Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024–2025 o‘quv yilida Harvardda tahsil olayotgan xalqaro talabalar soni 6800 nafarga yaqin bo‘lib, bu universitet talabalari umumiy sonining 27 foizini tashkil etadi. Ular orasida sakkiz nafar o‘zbekistonlik talaba va tadqiqotchilar ham mavjud.Tramp ma’muriyati ilk bor aprel oyi o‘rtalarida Harvard rahbariyatidan xorijiy talabalarning “noqonuniy va zo‘ravonlik harakatlari” haqida hisobot talab qilgan. Ichki xavfsizlik vazirligi universitetni Falastin tarafdori bo‘lgan norozilik namoyishlari tufayli antisemitizmga yo‘l qo‘yishda ayblamoqda.Bosimlar faqat viza va ta’lim tizimi bilan cheklanib qolmadi. AQSH hukumati Harvardga ajratilgan 60 million dollarlik federal grantlarni bekor qildi.  Rasmiylarga ko‘ra, universitetda antisemitik ta’qiblar va etnik kamsitish holatlari yechimini topmagan.  Shuningdek, Oq uy universitetdan o‘qituvchilar ta’sirini kamaytirish, “Amerika qadriyatlariga dushman” talabalarni qabul qilmaslik kabi talablarga bo‘ysunishni so‘ragan. Harvard bu talablarga bo‘ysunishni rad etganidan so‘ng, umumiy qiymati 2,2 milliard dollarga teng federal grantlar muzlatib qo‘yildi.