AQSh Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligi Garvard universitetiga ajratilgan 60 million dollarlik federal grantlarni rasman bekor qildi. Bu qaror universitet rahbariyatining kampusdagi antisemitik ta’qib va etnik kamsitish holatlariga qarshi yetarli choralar ko‘rmagani bilan izohlandi. Voqea mamlakatdagi akademik erkinlik, moliyaviy mustaqillik va siyosiy bosimlar kesishgan joyda yuz bermoqda.  Prezident Donald Trampning ma’muriyati hokimiyatga kelganidan beri AQShdagi oliy ta’lim muassasalariga nisbatan qat’iy pozitsiyani egallagan. Uning fikricha, ko‘plab nufuzli universitetlar, xususan, Ayvi ligasiga kiruvchi Garvard, "Amerikaga qarshi", "marksistik" va "radikal so‘l mafkuralar" ta’siriga tushib qolgan. Tramp administratsiyasi bu orqali muassasalarni isloh qilishni, moliyaviy bosim orqasidan mafkuraviy muvozanatni tiklashni maqsad qilganini bayon qilgan. Bu haqda Reuters xabar berdi. AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati so‘nggi haftalarda universitetga ajratilgan qariyb 3 milliard dollarlik federal grantlar va shartnomalarni to‘xtatib qo‘ydi yoki butunlay bekor qildi.Tramp ma’muriyatining asosiy e’tirozlaridan biri Garvardning talabalarni qabul qilishda etnik mansublikni hisobga olish amaliyoti bo‘ldi. Bundan tashqari, 2024-yilda mamlakatdagi ko‘plab kampuslarda, jumladan, Garvardda falastinparast norozilik namoyishlari avj oldi. Rasmiylarga ko‘ra, bu harakatlar natijasida yahudiy talabalar kamsitilgan, ularning xavfsizligi va huquqlari yetarlicha himoya qilinmagan.Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida aytilishicha:“Garvard universitetining antisemitik ta’qib va irqiy kamsitishlarga qarshi kurashda davom etayotgan muvaffaqiyatsizligi tufayli bir nechta grant mukofotlari batamom to‘xtatildi”.Garvard universiteti bu qarorni noqonuniy deb hisoblab, federal hukumatga qarshi sudga murojaat qildi. Universitet rahbariyati Oq uyni moliyaviy choralarni siyosiy bosim vositasiga aylantirganlikda ayblamoqda. Ularning fikricha, bu faqat grantlarni emas, balki akademik muassasalarning mustaqilligini ham yo‘qqa chiqaradi.Oq uy vakili Harrison Filds bunga javoban shunday dedi:“Soliq to‘lovchilarning mablag‘lari — bu imtiyoz. Garvard esa ushbu imtiyozdan foydalanish uchun zarur bo‘lgan asosiy shartlarni bajarmayapti”.Eslatib o’tamiz, joriy yilning aprel oyida Garvard universiteti prezident Tramp ma’muriyatini universitetni 2,2 mlrd dollardan ortiq mablag‘ bilan ta’minlashni muzlatib qo‘yganiga qarshi sudga da’vo arizasi bergan edi.Arizada Garvard prezidenti  Alan Garber hukumatni universitet ustidan “misli ko‘rilmagan va noqonuniy nazorat” o‘rnatishga urinishda ayblab, bu harakatlarning oqibatlari “jiddiy va uzoq muddatli” bo‘lishini ta’kidlagan.Garvard Tramp ma’muriyatining ta’lim siyosatini o‘zgartirish haqidagi talablarini rad etgandi. Oq uy universitetdan xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik bilan bog‘liq barcha dasturlarni yopishni, talabalar va o‘qituvchilarning vakolatlarini qisqartirishni, ma’lum fakultetlar va dasturlarni tashqi auditdan o‘tkazishni va xulq-atvor qoidalarini buzgan chet ellik talabalar haqida zudlik bilan federal hukumatga xabar berishni talab qilgan.Bunga javoban hukumat universitetning 2,2 milliard dollardan ortiq grantlari va shartnomalarini muzlatib qo‘ydi, shuningdek, chet ellik talabalarni qabul qilish huquqidan mahrum etish bilan tahdid qilgan. Tramp o‘z lavozimiga kirishganidan beri AQShning yetakchi universitetlarini aksilsemitizmga qarshi harakatsizlikda bir necha bor ayblagan, uning fikricha, G‘azo sektorida urush boshlanganidan beri kampuslarda bo‘lib o‘tgan falastinparastlik aksiyalari  buning ifodasidir. Mart oyida Tramp ma’muriyati ichki siyosatga o‘zgartirishlar kiritmasa, 60 ta universitetni moliyalashtirishni qisqartirish bilan tahdid qilgandi. Hukumat allaqachon bir nechta universitetlarga, jumladan, Kolumbiya va Prinston universitetlariga mablag‘ ajratishni to‘xtatgan, ammo Garvard birinchi bo‘lib sudga murojaat qildi.Universitet da’vosida aytilishicha, sud ishi hukumatning Garvardda akademik qarorlar qabul qilish jarayonini nazorat qilish maqsadida federal moliyalashtirishni bekor qilishni richag sifatida ishlatishga urinishlar bilan bog‘liq. Unda moliyalashtirish keskin qisqargan boshqa yirik Amerika universitetlari ham tilga olingan.Universitetning ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyatining harakatlari “noqonuniy” va so‘z erkinligini kafolatlovchi AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi tuzatishni, shuningdek, federal qonunlar va qarorlarni buzadi.Da’vo arizasida aytilishicha, hukumat “antisemitizm muammolari va u muzlatib qo‘ygan, amerikaliklarning hayotini saqlab qolish, Amerikaning muvaffaqiyatiga hissa qo‘shish, Amerika xavfsizligini saqlash va Amerikaning innovatsiyalar bo‘yicha jahon yetakchisi sifatidagi mavqeini saqlab qolishga qaratilgan tibbiy, ilmiy, texnologik va boshqa tadqiqotlar o‘rtasida hech qanday oqilona bog‘liqlikni aniqlamagan va aniqlay olmaydi”.Oq uy vakili Harrison Filds universitet da’vosiga izoh berib, Garvard kabi muassasalarga federal yordam dasturi “oxiriga yetayotgani”ni aytdi. Uning ta’kidlashicha,  «soliq to‘lovchilarning mablag‘lari — imtiyoz, Garvard esa ushbu imtiyozdan foydalanish uchun zarur bo‘lgan asosiy shartlarni bajarmayapti”, — deb yozdi NYT.