Ushbu hisobotga koʻra, 108 ta davlatda, jumladan Oʻzbekistonda kishi boshiga YIM hajmi AQSH oʻrtacha koʻrsatkichining 10 foizidan yoki taxminan 8 000 dollardan past darajada saqlanib qolsa, ular “oʻrta daromad tuzogʻi”ga tushib qolish xavfi ostida boʻlishi qayd etilgan.Daromadi oʻrtachadan past boʻlgan davlatlar toifasiga kiruvchi Oʻzbekiston uchun (2023-yilda aholi jon boshiga YIM taxminan 2 849 AQSH dollarni tashkil etgan) bu muammo – global muammolar, ayniqsa iqlim oʻzgarishi, proteksionizmning kuchayishi va demografik oʻzgarishlar sharoitida dolzarb boʻlib qolmoqda.“Taraqqiyot markazi” tomonidan e’lon qilingan ushbu tahliliy maqolada Oʻzbekistondagi joriy vaziyat, barqaror oʻsish yoʻlidagi asosiy toʻsiqlar va “oʻrtacha daromad tuzogʻi”ni bartaraf etish choralari haqida soʻz boradi.Nega O‘zbekiston o‘rta daromad tuzog‘iga tushib qoldi?Jahon banki ekspertlarining fikriga koʻra, iqtisodiyotning past diversifikatsiyasi, eskirgan iqtisodiy modellar, institutsional cheklovlar, iqlim oʻzgarishi va proteksionizm davlatlarni turgʻunlikka olib boradi. Ushbu omillar WDR 2024 hisobotida keltirilgan “oʻrtacha daromad tuzogʻi” tavsifiga ham mosdir.Oʻzbekiston yuqori daromad darajasiga oʻtishni sekinlashtiruvchi bir qator tarkibiy, institutsional va tashqi toʻsiqlarga duch kelmoqda. WDR 2024 tahliliga koʻra, “oʻrtacha daromad tuzogʻi” – davlatlar ushbu toʻsiqlarni yengib oʻta olmaganida va yangi iqtisodiy voqeliklarga moslasha olmaganida yuzaga keladi. Shuningdek, hisobotda Oʻzbekistonni “oʻrtacha daromad tuzogʻi”da ushlab turgan asosiy omillar keltirib oʻtilgan, jumladan: Tarkibiy turgʻunlik va past texnologik moslashuvchanlik. Jahon banki ekspertlarining fikriga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyoti qishloq xoʻjaligi va resurslarni qazib olishga yoʻnaltirilgan past texnologiyali davlat sifatida qolmoqda.Global texnologiyalarga kirish bir necha sabablarga koʻra cheklangan. Birinchidan, Oʻzbekiston xalqaro taʼminot zanjirlariga zaif integratsiyalashgan, bu esa, ilgʻor texnologiyalar va “nou-xau” transferini qiyinlashtiradi. Ikkinchidan, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar sektori yetarli darajada moliyalashtirilmagan, ularga qilingan xarajatlar YIMning atigi 0,12 foizini tashkil etadi, bu, xuddi shunday daromadga ega boʻlgan davlatlar oʻrtacha koʻrsatkichi bilan solishtirganda ancha past. Uchinchidan, malakali kadrlarning yetishmasligi muammoni yanada chuqurlashtiradi, savodxonlik darajasi yuqori boʻlishiga qaramay, taʼlim tizimi yuqori texnologiyalar sohasida mutaxassislar tayyorlashga yetarlicha yoʻnaltirilmagan. Misol uchun, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining atigi 14 foizi texnik mutaxassisliklarga toʻgʻri keladi, bu esa muhandislik va axborot texnologiyalari boʻyicha mutaxassislar tanqisligini keltirib chiqaradi.Tashqi imkoniyatlarning torayishi. Jahon banki tadqiqotlariga koʻra, geosiyosiy keskinlik va proteksionizmning kuchayishi Oʻzbekistonning eksport salohiyatiga, ayniqsa, Rossiya va Xitoy bozorlariga tahdid solmoqda. Yuqori qarz yuki va kapital qoʻyilmalarga bogʻliqlik moliyaviy moslashuvchanlikni kamaytiradi. Suv tanqisligi va yer degradatsiyasi kabi iqlim xavflari iqtisodiy barqarorlikni yanada murakkablashtiradi va moslashishga sarmoya kiritishni talab etadi.Energetik zaiflik. Oʻzbekiston iqtisodiyoti gazga juda bogʻliq (energiya balansining 80-90 foizi), Jahon banki ekspertlarining hisob-kitobiga koʻra, 2060-yilga borib gaz importiga qaramlik 66 foizga yetishi mumkin, bu esa, oʻz navbatida, mamlakatni uglerodga qaramlikni oshiradi va dekarbonizatsiya boʻyicha global maqsadga erishishga salbiy taʼsir koʻrsatadi.Oʻz navbatida, quyida keltirilgan diagrammada qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻyicha sarmoya qiymati oʻrtacha daromaddan past boʻlgan davlatlarda, jumladan, Oʻzbekistonda 8,5 foizdan yuqori ekanligini va yuqori daromadli mamlakatlarga nisbatan ikki baravar koʻp ekanligini koʻrish mumkin, bu esa “yashil” energetikaga oʻtishda moliyaviy toʻsiqlarni keltirib chiqarish ehtimoli yuqoriligini koʻrsatadi. Jahon banki ekspertlarining fikriga koʻra, davlat korxonalarining energetika sohasidagi ustunligi va eskirgan infratuzilma vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.O’rtacha daromad tuzog’idan qanday qutulish mumkin?WDR 2024 hisoboti direktorining taʼkidlashicha, oldinga siljish oson boʻlmaydi, ammo mamlakatlar bugungi murakkab sharoitda ham taraqqiyotga erishishi mumkin.Daromadi oʻrtachadan past boʻlgan davlatlar kabi Oʻzbekistonning sarmoyalar orqali anʼanaviy oʻsish strategiyasi oʻzini toʻliq oqlamayotgan murakkab bosqichda turibdi. Shu munosabat bilan, WDR 2024 “oʻrtacha daromad tuzogʻi”ga tushib qolgan davlatlar uchun quyidagi yoʻnalishlarda islohotlarni amalga oshirishni tavsiya etadi: “I-1” (sarmoyalar) bosqichidan “I-2” (sarmoyalar + texnologiyalarni joriy etish) bosqichiga oʻtish. Oʻzbekiston “oʻrtacha daromad tuzogʻi”dan chiqishi uchun WDR 2024 tavsiyalari va mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda “I-2” (sarmoyalar + texnologiyalarni joriy etish) strategiyasini amalga oshirishi zarur. Ushbu tuzoqni muvaffaqiyatli yengib oʻtishga misol qilib, Janubiy Koreya, Polsha va Chili davlatlari tajribasini keltirib oʻtish mumkin.Janubiy Koreya 1960-yillarda asosiy infratuzilmaga sarmoya kirita boshladi, 1970-yillarda esa, xorijiy texnologiyalarni joriy etishga oʻtdi (misol uchun, Janubiy Koreyaning “Samsung” kompaniyasi Yaponiyaning “Sanyo” va “NEC” kompaniyalaridan texnologiyalarni litsenziyalab oldi) va keyinchalik innovatsiyalar boʻyicha yetakchiga aylandi, 2023-yilga kelib aholi jon boshiga YIM hajmini 33 000 dollarga yetkazdi.Polsha Gʻarbiy Yevropa texnologiyalari orqali mehnat unumdorligini oshirdi, Chili esa Norvegiyadan losos baligʻini yetishtirish boʻyicha texnologiyalarni oʻziga moslashtirib, yirik eksportchiga aylandi. Ushbu davlatlar “uchta I” (sarmoyalar, texnologiyalar, innovatsiyalar) bosqichlaridan izchillik bilan oʻtish hamda “oʻrtacha daromad tuzogʻi”dan chiqish imkoni mavjudligini koʻrsatib berdi.Iqlim oʻzgarishi, geosiyosiy va ijtimoiy muammolar sharoitida “I-2” strategiyasiga oʻtishdan voz kechish, “oʻrtacha daromad tuzogʻi”da uzoq vaqt qolib ketishga olib kelishi mumkin. Raqobatni kuchaytirish. Davlat korxonalarini isloh qilish va xususiy kompaniyalarning kirishi uchun toʻsiqlarni kamaytirish, oʻz navbatida, innovatsiyalar va oʻsishni ragʻbatlantirishga yordam beradi. WDR 2024 hisobotida qayd etilishicha, davlat korxonalarini isloh qilish xususiy sektor uchun qoʻshimcha resurslarni yaratadi va iqtisodiyotning samaradorligini oshiradi. Chunki Oʻzbekistonda davlat korxonalari, asosan, past unumdorlik bilan ishlaydi va katta subsidiyalarni talab qiladi. Jahon bankining “Oʻzbekistonning ikkinchi tizimli diagnostikasi” hisobotida keltirilishicha, davlat korxonalariga aniq va kvazi-fiskal subsidiyalar hajmi YIMning qariyb 7 foizini tashkil etadi.Shuningdek, Jahon banki ekspertlari Oʻzbekistonda qoʻllaniladigan mustaqil regulyatorlarni mustahkamlashga qaratilgan qonunlarni joriy etishni tavsiya etgan. Chunki tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, yuqori sarmoya qiymati (Oʻzbekiston kabi mamlakatlar uchun 8,5 foiz) “yashil” sarmoyalarni toʻxtatadi. Polsha (Urząd Regulacji Energetyki) misolida boʻlgani kabi mustaqil regulyatorlar shaffof qoidalar orqali ushbu qiymatini pasaytirishi mumkin, bu, Oʻzbekiston energetika sohasiga ham taalluqli. Inson kapitaliga sarmoyalar. STEM-yoʻnalishlarda (fan, texnologiya, muhandislik, matematika, AKT) taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish muhim, bu, yoshlar salohiyatidan foydalanishni oshiradi va “oʻrtacha daromad tuzogʻi”ni yengib oʻtib, Oʻzbekistonning iqtisodiy oʻsishini tezlashtirishga imkon beradi.Oʻzbekiston Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, talabalarning taxminan 14 foizi tabiiy fanlar va AKT yoʻnalishlarida tahsil oladi, bu esa,1980-yillarda 30-40 foizni tashkil etgan Janubiy Koreya kabi yuqori daromadli iqtisodiyotga muvaffaqiyatli oʻtgan davlatlarga qaraganda ancha past. STEM sohasida mutaxassislarning yetishmasligi innovatsiyalar va yuqori texnologiyali tarmoqlarning rivojlanishini cheklaydi. Masalan, Oʻzbekistonda yuqori texnologiyali eksportning ulushi eksport umumiy hajmining atigi 1,4 foizini tashkil etadi, yuqori daromadli mamlakatlarda esa bu koʻrsatkich oʻrtacha 20 foizdan oshadi.Iqtisodiyotning uglerodga boʻlgan talabini kamaytirish. Oʻzbekiston energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etishi va qayta tiklanadigan energiya manbalarini (QTEM) subsidiyalash orqali gazga qaramlikni bosqichma-bosqich kamaytirishi zarur. WDR 2024 hisobotida keltirilishicha, xalqaro moliyalashtirish orqali “yashil” loyihalar uchun sarmoya qiymatini pasaytirish zarur, bu esa, barqaror iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish uchun muhim qadamdir.Oʻzbekistonda energetika sektorining tabiiy gazga yuqori darajada bogʻliqligi (mamlakatdagi gazning 85 foizi elektr energiya ishlab chiqarish uchun ishlatiladi) atmosferaga chiqarilayotgan umumiy issiqxona gazlarining qariyb 75 foizining asosiy manbai boʻlib qolmoqda. Jahon banki hisob-kitoblariga koʻra, 2060-yilga borib uglerod neytralligiga erishish uchun Oʻzbekiston energetikaga oʻtish, jumladan, infratuzilmani modernizatsiya qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga 341 mlrd. dollar sarmoya kiritishi zarur.Energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali gaz sarfini sezilarli darajada kamaytirish mumkin. Misol uchun, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyaning 80 foizdan ortigʻi eskirgan issiqlik elektr stansiyalari hissasiga toʻgʻri keladi, ularni modernizatsiya qilish natijasida 20-30 foizga yaqin energiya yoʻqotishlarini kamaytirish mumkin. Bundan tashqari, sanoat va uy-joy sektorida binolarni issiqlik izolyatsiyasi va issiqlik nasoslaridan foydalanish kabi energiya tejamkor texnologiyalarga oʻtishi isteʼmolning sezilarli qismini (yiliga taxminan 25 mlrd. kub) tashkil etuvchi isitish gaziga boʻlgan talabni kamaytirishi mumkin.Qayta tiklanadigan energiya manbalarini subsidiyalash energiya balansini diversifikatsiya qilishda muhim rol oʻynaydi. Hozirgi vaqtda mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarishning umumiy hajmida qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushi asosan gidroenergiya hisobiga qariyb 10 foizni tashkil etadi, quyosh va shamol energiyasi salohiyati esa deyarli foydalanilmay qolmoqda.Oʻzbekiston 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 25 ming megavattga va uning umumiy isteʼmoldagi ulushini 40 foizga yetkazishni, shuningdek atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqindilarini 10,5 foizga kamaytirishni rejalashtirmoqda. Biroq, yuqori sarmoya xarajatlari “yashil” loyihalarni kengaytirish uchun toʻsiq boʻlib qolmoqda.Rivojlanayotgan mamlakatlarda, shu jumladan Oʻzbekistonda, qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalari uchun kreditlar boʻyicha foiz stavkalari kamida 15 foizni tashkil etadi, bu esa, rivojlangan mamlakatlarga qaraganda ikki-uch baravar yuqori. WDR 2024 hisobotida Xalqaro moliya korporatsiyasi va Osiyo taraqqiyot banki kabi tashkilotlar bilan hamkorlik qilish orqali ushbu xarajatlarni kamaytirish mumkinligi taʼkidlangan.Misol uchun, Xalqaro moliya korporatsiyasi 2024-yilda Oʻzbekistonga quyosh energiyasi va energiya saqlash tizimlari loyihalari uchun 240 mln. dollar ajratdi, bu esa har yili uglerod chiqindilarini 1,3 mln. tonnage kamaytirish imkonini beradi. Toʻlov kafolatlari va imtiyozli kreditlar kabi mexanizmlar xususiy sarmoyalarni jalb qilishda, xatarlarni kamaytirishda va loyihalarni iqtisodiy jihatdan samarali boʻlishiga imkon beradi.“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo’lim boshlig’I Jamshid Sharipovning yozishicha, Oʻzbekistonda anʼanaviy oʻsish drayverlari boʻlib kelgan – infratuzilmaga sarmoyalar va xomashyo eksporti bugungi kunda oʻzining dolzarbligini yoʻqotmoqda, shu bois WDR 2024 hisobotida keltirilgan tavsiya va xulosalar dolzarb boʻlib qolmoqda. Taklif etilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish – texnologik modernizatsiya, institutlarni mustahkamlash, inson kapitalini rivojlantirish va “yashil” transformatsiya – Oʻzbekistonga iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida koʻzda tutilgan yuqori daromadli davlat maqomini olishga imkon beradi.Ma’lumot o’rnida, oʻrtacha daromad tuzogʻi” – bu tushuncha ilk marta Jahon banki tomonidan 2007-yilda An East Asian Renaissance hisobotiga kiritilgan boʻlib, u mamlakatlar oʻrtacha daromad darajasiga yetib, iqtisodiy oʻsishning sekinlashishiga duch kelgan va yuqori daromadli mamlakatlar maqomiga oʻta olmagan vaziyatni namoyon etadi.Hisobotda yuqori daromadli davlatlar maqomiga erishishga intilayotgan hukumatlar uchun “uchta I strategiyasi” tavsiya etiladi. Rivojlanish bosqichiga qarab, barcha mamlakatlar izchil va asta-sekinlik bilan murakkabroq siyosat toʻplamini qoʻllashlari kerak boʻladi.Past daromadga ega davlatlar, faqat sarmoyani koʻpaytirishga qaratilgan siyosat choralariga eʼtibor qaratishi mumkin, bu – “I-1” bosqichi. Ammo ular daromadi oʻrtachadan past boʻlgan mamlakatlar toifasiga oʻtishi bilanoq, taktikani oʻzgartirishi va siyosiy choralar majmuini “I-2” bosqichiga, yaʼni sarmoyani xorijiy texnologiyalarning “inyeksiyalari” bilan birlashtiradigan, xususan, ularni iqtisodiyotning turli sohalariga joriy etish va tarqatish bosqichi tomon kengaytirishi lozim.Oʻrtachadan yuqori daromad darajasiga erishgach, davlatlar oʻz taktikasini yana oʻzgartirib, sarmoyalar, texnologik “inyeksiyalar” va innovatsiyalarni birlashtirgan yakuniy “I-3” bosqichiga oʻtishlari zarur. Innovatsiyalar bosqichida mamlakatlar nafaqat ilgʻor jahon texnologik chegaralaridan gʻoyalarni oʻzlashtiradi, balki bu chegaralarni kengaytiradi ham.