Qirg‘izistonda rossiyalik urushga yollovchilarga “ov mavsumi” ochilgan o‘xshaydi. “Rus uyi”dagi hibsga olinishlardan so‘ng, kecha, 24-aprel kuni yana bir rossiyalik –  siyosiy texnolog Viktor Vasilyev ham qo‘lga olindi. U ham Rossiya tomonida Ukrainadagi urushda qatnashish uchun askarlarni yollaganlikda gumonlanmoqda.O‘shdagi “Rus uyi” xodimi Natalya Sekerina va yana bir qancha shaxslar xuddi shunday ayblovlar bilan hibsga olinib, Qirg‘iziston fuqarolarini Rossiya armiyasiga jalb qilishni tashkil etish va moliyalashtirishda ayblangan. Bu hibslar Rossiya xavfsizlik kuchlari qirg‘iz fuqarolarini kaltaklab, haqorat qilgan Moskvadagi hammomdagi shov-shuvli voqea bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. O‘shanda Rossiya elchisining Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilishiga sabab bo‘lgan edi. Bishkek fuqarolarining haqoratlanishi uchun o‘ch olyaptimi yoki buning boshqa sabablari ham bormi?Ekspertlar Bishkekning harakatlari birinchi navbatda xavfsizlik sohasida qonun ustuvorligi va mustaqillikni namoyish etishga qaratilgani va hammom mojarosiga aloqasiga yo‘qligini ta’kidlashmoqda.Viktor ham Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi tomonidan hibsga olingan. Unga Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 416-moddasi 1-qismi (“qurolli to‘qnashuvlarda foydalanish maqsadida yollanma askarlarni yollash”) bo‘yicha ayblanmoqda. “Ozodlik” radiosiga ko‘ra, Vasilyev “Vagner” XHK va GRU bilan aloqasi bo‘lganligi ishga qo‘shimcha siyosiy ahamiyat beradi. Rasmiy organlar xatti-harakatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi yuqoriligini qayd etib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini 2025-yil 17-iyunga qadar uzaytirdi.Viktor Vasilyev «Улыбаемся и машем» Telegram kanalining asoschisi. 2023-yilda “Dosye” markazi Vasilevning oldin  Lukovenko familiyasida bo‘lganini  yozgan. 2011-yilda u "Rus marshi" kuni 58 yoshli Shri-Lanka fuqarosini o'ldirishda ayblanib, sakkiz yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilingan. Besh yil o'tgach, Lukovenko shartli ravishda ozod qilindi. BBC rus xizmatining xabar berishicha, Lukovenko “Vagner” qurolli guruhi asoschisi Yevgeniy Prigojinning siyosiy texnologlaridan biri bo‘lgan. Prigojinning o‘limidan keyin Lukovenko Rossiyaning Burkina-Fasodagi ta'sirini kuchaytirishga harakat qildi. Nashr uni radikal millatchi deb ham atagan. “Dosye” markazining yozishicha, Lukovenko Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishidan sal avval GRU topshirig‘i bilan Kiyevga borgan. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi 17-aprel kuni qo‘lga olgan O‘shdagi “Rus uyi” xodimi Natalya Sekerinaga qo‘yilgan ayblov bo‘yicha  Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksiga ko‘ra, 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin. Bu ishda unga yana uch kishi, jumladan O‘sh meriyasi vakili Sergey Lapushkin ham sherik bo‘lgan. Viktor Vasilyevning hibsga olinishi kunning asosiy voqeasi bo‘ldi va Bishkekning yollanma askarlarni yollash bilan bog‘liq har qanday faoliyatga nisbatan qat’iy pozisiyasidan dalolat beradi. O‘shdagi “Rus uyi” xodimlari va boshqa ayblanuvchilarning hibsga olinishi Qirg‘iziston qonunchiligining faol qo‘llanilishi manzarasini yanada kuchaytirmoqda.