Toshkent davlat agrar universiteti birinchi bosqich talabasi O‘rolboy Umurzoqov Orol dengizini yashil makonga aylantirishga qaratilgan “Ekobasket” loyihasini ishlab chiqdi.“Loyiha nomini o‘zbekchaga tarjima qilsak, “biologik savat” degan ma’noni anglatadi.  Bu loyihadan maqsad sho‘rlanib borayotgan Orol dengizini yashil makonga aylantirishdir. Loyihaning analoglari borligini hali eshitmaganman”, deydi yosh ixtirochi.Uning aytishicha, loyiha, asosan, daraxtlarni ekish texnologiyasiga asoslangan. Ular maxsus qamishdan yasalgan savatga ekilib, ko‘pincha cho‘llangan yoki namchil hududlarda qo‘llaniladi. Qoraqalpog‘istonda shunday yerlar ko‘p bo‘lib, ushbu savatlar yerdagi sho‘rlik, namlik va zaxlikni o‘tkazmaydi. Ya’ni u 70 foiz filtr vazifasini bajaradi. Keyin esa savat go‘ng va tuproq bilan to‘ldiriladi. Buni aholi yaxshi biladi, o‘g‘it 20-30 foizgacha sho‘rlik va namlikni o‘tkazmaydi.“Loyiha g‘oyasiga 2020-yilda Sirdaryoda bo‘lgan baxtsiz hodisa, ya’ni suv ombori yorilib, aholi joylashgan yerlarni suv bosishi turtki bo‘lgan. O‘zim sardobalik bo‘lganim uchun shu yerning muammolarini hal etishga harakat qilardim. O‘shanda suv toshishi oqibatida yerlar sho‘rlana boshladi. Bunday yerdan hosil olish qiyin bo‘ladi. O’shanda muammoni hal qilish haqida o‘ylaganimizda bobomdan eshitgan gaplarim yodimga tushdi. Avvalari uy qurishdan avval, ya’ni fundament uchun beton qurishdan oldin qamishni yerga tashlasharkan. Negaki qamish sho‘rlikni o‘ziga saqlab qolish xususiyatiga ega. Shu sabab men ham ko‘chatlar ildizni sho‘rlikdan saqlash uchun qamishdan foydalansak-chi, deb o‘ylab qoldim. Sirdaryoda anor ko‘p ekiladi. Shu sabab loyiham asosida ko‘chatlarni eka boshladik va hozirgi vaqtda yaxshi natijaga erishdik” , deya qo‘shimcha qildi u. Maʼlumot uchun, Oʻrolbek Umirzoqov Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi yetakchisi, Qishloq xoʻjaligi vaziri stipendiati, Erkin Shayxov nomli stipendiya sohibi, “Mirzo Ulugʻbek vorislari” hamda “Kichik biznes sohasiga innovatsion yondashuvlar va startaplar” tanlovlarining respublika bosqichi gʻolibi, shuningdek, 20 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi.