Mavjud muammolar hal etilmasa, butun Markaziy Osiyoda ortga qaytarib bo‘lmaydigan ekologik va gumanitar inqiroz yuzaga kelishi mumkinligi haqida tashkilot ogohlantirmoqda.Jahon bankining Tekshiruv paneli O‘zbekiston va Turkmaniston fuqarolarining Tojikistondagi Rog‘un gidroelektrostantsiyasi (GES) loyihasi bilan bog‘liq xavflar haqidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqishga rozilik bildirdi. Jahon banki loyihaning 2014-yilgi ekologik va ijtimoiy ta’sir baholashlarini qayta ko‘rib chiqish uchun 350 million dollarlik kredit ajratgan.O‘zbekiston va Turkmaniston vakillarining aytishicha, hozirda qo‘lda bor tadqiqotlar eskirgan va yetarli emas, chunki ular o‘n yildan ortiq oldingi taxminlarga asoslanadi. Ularning fikricha, baholashlar Amudaryo havzasining asosiy irmoqlaridan biri bo‘lgan Vaxsh daryosidan suvni to‘plash va burishning O‘zbekiston va Turkmanistondagi aholi punktlari va ekotizimlarga ko‘rsatadigan ta’sirini hisobga olmaydi.Jahon bankining dastlabki baholashlariga ko‘ra, Rog‘un suv omborini to‘ldirish Orol dengiziga keladigan suv oqimini yiliga 0,8-1,2 kub kilometrgacha kamaytirishi va bugungi darajani 25 foizgacha qisqartirishi mumkin. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, bunday qisqarish mintaqadagi mavjud muammolarni, jumladan, cho‘llanish, tuproq sho‘rlanishi va yerlarning yemirilishini yanada kuchaytirishi mumkin. Bu muammolar sovet davridagi sug‘orish loyihalari dengiz hajmini keskin kamaytirgandan beri Amudaryoning quyi oqimidagi qishloqlarni qiynab kelmoqda. Natijada hududda doimiy chang bo‘ronlari va suv sifatining yomonlashuvi vujudga kelgan.Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi 2050-yilga kelib mintaqada suv mavjudligini 15-30 foizga kamaytirib, O‘zbekistonda 250 minggacha qishloq xo‘jaligi ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib kelishi va iqlimga moslashish uchun milliardlab mablag‘ sarflashni talab qilishi mumkin.Mahalliy dehqonlar, ayniqsa, to‘g‘onning suv ta’minoti vaqtiga ta’siridan tashvishda. Agar to‘g‘on daryo oqimini bahor va yozdan qishki saqlanishga o‘zgartirsa, an’anaviy sug‘orish tizimi buzilishi mumkin, bu esa infratuzilmani ishdan chiqarib, katta moliyaviy zarar yetishiga olib keladi. Fuqarolarning aksariyati ekin-tekin mavsumlarida suvga bo‘lgan ehtiyoj qondirilmasa, iqtisodiy inqiroz va majburiy ko‘chishga to‘g‘ri kelishidan xavotirda. Ekologlar, shuningdek, Afg‘onistonda qurilishi rejalashtirilgan Qo‘shtepa kanali bilan birgalikda Rog‘un GESining jamlanma tahdidini ham ta’kidlamoqda. Bu ikkita yirik suv yo‘naltirish loyihasining mintaqaviy gidrologiya va bioxilma-xillikka qo‘shma ta’sirini baholash uchun keng qamrovli tahlil o‘tkazilmagan.Bunga javoban, "Chegarasiz daryolar" tashkiloti Jahon banki va uning hamkorlarini shaffof va mustaqil xavf-xatarlarni baholash yakunlanmaguncha qo‘shimcha moliyalashtirishni to‘xtatib turishga chaqirdi. Koalitsiya atrof-muhit va ijtimoiy zararni kamaytirish maqsadida to‘g‘onning pastroq balandligi kabi muqobil loyiha variantlarini sinchkovlik bilan o‘rganishni taklif etmoqda. Shuningdek, ular Amudaryo havzasidagi barcha mamlakatlar bilan haqiqiy jamoatchilik maslahatlashuvlarini o‘tkazish, adolatli kompensatsiya mexanizmlarini yaratish va suv xo‘jaligi sohasida yuridik kuchga ega bo‘lgan kelishuvlar tuzishni talab qilmoqda.