Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Samarqanddagi “Motamsaro ona” yodgorligidagi ingliz tilidagi yozuvga e’tibor qaratdi. Yodgorlikning yon tomonlarida ikki til –  o‘zbek va ingliz tillarida yozuv bor. Yodgorlik poyiga mangu alangaga gul qo‘ygandan so‘ng vazir O‘zbekiston tomoni vakiliga:  "Qanday qilib inglizlar tomonga ketib qoldilaringiz? Nega yozuv inglizchada", - deb so‘ragan. "Bu yerda hamma tillarda yoziladi, turizm shahri", deb javob bergan hamroh. "Men hech qanday ruscha yozuvni ko‘rmayapman", deb qaytargan rossiyalik vazir. Vazir Samarqandga kecha kechqurun yetib keldi, chorshanba kuni esa mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashishi, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan muzokaralar olib borishi rejalashtirilgan.